Xorazmliklar siyosiy jarayonlarga befarq emas!
Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi maydonida "Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!" shiori ostida katta gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda buyuk allomalarimiz, aziz avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vatan himoyasi, erku ozodligi uchun kurashib yashashning yorqin timsoli Jaloliddin Manguberdi yodgorligi qarshisida minglab xorazmlik yoshlar va aholi vakillari bugun ham o‘z yurti taqdiriga befarq emasliklarini bildirish uchun to‘planishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida qabul qilinadigan xalqchil Konstitutsiya nafaqat bugungi, balki kelajak avlod manfaatlariga to‘la xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidlab, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga da’vat etdi.
–Bugun xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib kelyapti, – deydi Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi deputati Jumanazar Qurbonov. – Ayni faollik fuqarolik ong va siyosiy-huquqiy savodxonlikning oshganini ko‘rsatmoqda. Bu esa mamlakatda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish va so‘z erkinligini ta’minlash chora-tadbirlarning amaliy ifodasidir. Konstitutsiyaviy islohotlar jaaryonida eng ko‘p faollikni aynan yoshlar ko‘rsatayotgani juda quvonarli.
Tadbir davomida Konstitutsiyaning muhim jihatlari xususida ma’lumotlar berildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 ming 715 ta takliflar kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan. Loyihani tayyorlashda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlat tajribasi o‘rganilgan. Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalar 275 tadan 434 taga oshgan. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. Bu esa yurtimizda bolalar, o‘smirlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar va imkoniyati cheklangan insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini anglatadi.
– Onkologiya – XXI asrning insoniyatga sinovi. Bu kasallikning juda ko‘p muammolari bor. Bemorlar uchun kerakli dorilarni topish va sotib olish, zarur texnik va texnologik uskunalar – mobil mammograf, pozitron-emission tomograf, maxsus onkomarkerlar va nur terapiyasini amalga oshiradigan tibbiy asboblarning yetishmasligi va davolash sifatini oshirish kabi muammolar bilan hozirga qadar respublikamizdagi barcha onkologik shifoxonalar “og‘rib” keladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Xorazm filiali direktori Tohir Polvonov. – Bizning markazda ham yaqin-yaqingacha bemorlarni kimyoviy va nur terapiyasi bilan davolashda qo‘llaniladigan zamonaviy uskunamiz yo‘q edi. Oqibatda bitta bemorni 4-5 soatlab nur ostida tutib turardik. Bu vaqt orasida esa ularning badanini nur yo‘naltirilgan qismi yaxshigina kuyib ketardi va 5-6 oy o‘sha kuygan joyni davolash bilan ham band bo‘lardik. Imkoniyatlarning cheklangani tufayli har yili 5-6 ming nafar yurtdoshlarimiz dardiga davo izlab xorijga chiqib ketardi. Bizga shu turdagi zamonaviy yangi apparat yetkazib berilgach, bemorlarni bir yarim daqiqadan ortiq nur ostida tutib turmayapmiz. Bu esa bemorlarning nur terapiyasini avvalgidek haftalab, ba’zan esa oylab kutishlariga chek qo‘ydi. Binoda sharoitning bo‘lgani yaxshi, ammo ishda ham muvaffaqiyat bo‘lishi kerak. Bizning ilmiy markazimiz kasallik omillaridan tortib, samarali davolash uslublarigacha o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazlardan biriga aylanmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 48-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli” ekanligi belgilab qo‘yilmoqda ekan. Men davlatimizning mard bo‘lib o‘z zimmasiga shunday majburiyatni Konstitutsiviy maqomda olayotganidan g‘ururlandim. 30 aprel kuni ana shu o‘zgarishni qo‘llab-quvvatlab ovoz beraman.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov, Bunyod Saidov va Anvar Sobirov kabi elimiz suygan san’atkorlar, viloyatning taniqli ijodkorlari o‘zlarining eng sara kuy-qo‘shiqlari va raqslari bilan davraga ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Sa’natkorlar muxlislari, mehmonlar bilan yaqindan suhbat qurib ular bilan suratga tushishdi. Joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etish ishtiyoqidagi xorazmliklarning "Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!" degan hayqiriqlari tadbirning boshlanishidan to yakuniga qadar to‘xtamadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qglROvvYaG4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon SHOKIROV,
O‘zA muxbiri