Xorazmlik sambochi Mavluda Abdullayeva Jahon kubogida ishtirok etadi
Joriy yilning 18-20-sentabr kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida sambo va jangovar sambo bo‘yicha erkaklar hamda ayollar o‘rtasida Jahon kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli musobaqada Xorazm yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi sportchisi Mavluda Abdullayeva mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Mavludaga Jahon kubogida munosib ishtirok etishda tajribali sport murabbiysi Umrbek Davletov ustozlik qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Mavluda Abdullayeva 2025-yil 7-17-avgust kunlari Xitoy davlatida o‘tkazilgan Butunjahon o‘yinlarida sportning sambo turi bo‘yicha ishtirok etib, ayollar o‘rtasida jangovar sambo bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, 2022-yilda Livanning Juniya shahrida sambo hamda jangovar sambo bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatida oltin, 2023-yil Qozog‘istonning Astana hamda 2024-yil Xitoyning Makao shaharlarida bo‘lib o‘tgan sportning jangovar sambo turi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionatida 80 kg vazn toifasida faxrli 3-o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, xorazmlik sambochi sportning sambo turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqalarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, so‘nggi ikki yil davomida ayollar o‘rtasida “Jangovar sambo” yo‘nalishida oltin medal sohibasi bo‘lib kelmoqda.
Iste’dodli sportchimiz bu yilgi Jahon kubogida ham munosib ishtirok etib, yuqori natija qayd etsa ajab emas.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri