Xorazmlik ayollar poytaxtimiz bo‘ylab sayohatda bo‘ldi
Mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli islohotlar yurtdoshlarimiz turmushi farovonligini yanada yaxshilash uchun xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlar salomatligi yo‘lida qilinayotgan ishlar alohida e’tirofga loyiq.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muntazam qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayni kunlarda viloyatlardan ana shu daftarga kiritilgan xotin-qizlar Toshkentning diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilmoqda.
Jumladan, xorazmlik bir guruh boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan va nogironligi bor xotin-qizlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi viloyat boshqarmasi va viloyat hokimligi tomonidan Toshkent shahri bo‘ylab sayohat uyushtirildi.
- Toshkentga uyushtirilgan ushbu ziyoratimiz «Ayoli e’zozlagan yurt» shiori ostida o‘tkazilmoqda, – deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Xorazm viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Maqsuda Ahmedova. – “Ayollar daftari”ga kiritilgan 50 nafar xotin-qiz Toshkentning tarixiy joylarini ziyorat qilmoqda. Zamonaviy saylgohlar va bog‘larda hordiq chiqarmoqda. Ularning oz bo‘lsa-da kayfiyatini ko‘tarish maqsadida konsertlar, ma’rifiy tadbirlar uyushtiryapmiz. Avvalo, bu bilan cheklanmoqchi emasmiz. Ziyoratdan qaytgandan so‘ng xotin-qizlarni o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashlari uchun kam foizli kiriditlar olib berish va tikuvchilik sexlariga ishga joylash ishlari davom etadi.
– Mahalla tomonidan doim oilamizga yordam berib kelinadi, – deydi fuqaro Gulshoda Matnazarova. – Yurtimizda karantin kuchaygan vaqtda sinovli davrlarni boshdan kechirdik. Bunda hukumatimiz tomonidan moddiy rag‘batlantirildik. Mahalla tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib turildi. Yolg‘iz onaman. Farzandlarimni o‘qitdim, turmushga berdim. Toshkentga avval ham kelganman. Turmush, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib poytaxtda sayohat qilishga, qadimiy joylarini ziyorat qilishga imkon topa olmaganman. Tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Yurtimizda haqiqatdan ham ayollar e’zozlanmoqda. Men buni o‘zim misolimda guvohi bo‘ldim.
«Ayoli e’zozlangan yurt» shiori ostida o‘tkazilgan tadbir doirasida xorazmlik mehmonlar poytaxtning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib, Xorazmga o‘zgacha kayfiyatda yo‘l oldi.
D.Mamatova, O‘zA