Xorazmda “Qovun sayli” davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Xorazm viloyatida milliy qadriyatlar, dehqonchilik an’analari va yurtning fayzu barakasini namoyon etuvchi “Qovun sayli” tadbiri qizg‘in davom etmoqda.
An’anaviy sayilda viloyatning turli hududlarida yetishtirilgan shirin va xushta’m qovunlarning turli navlari keng namoyish etilmoqda. Dehqon va fermerlar tomonidan yetishtirilgan sara mahsulotlar ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Sayilda qovun yetishtirishning o‘ziga xos usullari, dehqonchilik tajribasi va bu boradagi an’analar haqida ma’lumotlar berilmoqda. Turli navdagi qovunlarning ta’mi, xushbo‘yligi va tashqi ko‘rinishi mehmonlarga Xorazm zaminining agrar salohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
[gallery-30791]
Tadbir doirasida milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Unda hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy buyumlar, bezaklar va amaliy san’at namunalari namoyish etilmoqda.
Shuningdek, sayil mehmonlari uchun milliy taomlar ko‘rgazmasi va xalq ijodiyoti namunalari taqdimoti tashkil etilgan. Folklor jamoalarining chiqishlari, milliy urf-odat va an’analar aks etgan sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘ziga xos fayz bag‘ishlamoqda.
“Qovun sayli” nafaqat aholi va mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlayotgan madaniy tadbir, balki Xorazmning qadimiy dehqonchilik madaniyati, qishloq xo‘jaligi salohiyati va milliy an’analarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Sayil davomida mehmonlar qovunlarning turli navlaridan bahramand bo‘lish, milliy taomlar va hunarmandchilik namunalari bilan tanishish barobarida, Xorazmning o‘ziga xos madaniy muhitiga guvoh bo‘lmoqda.
Behzod SAIDOV (surat), O‘zA