Xorazmda "National AI Hackathon" tanlovi davom etmoqda
Urganch shahrida “National AI Hackathon” tanlovi doirasida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan innovatsion loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur hududiy bosqich joriy yilning dekabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan katta final bosqichiga saralash vazifasini o‘taydi. Finalda butun O‘zbekiston bo‘yicha eng kuchli AI jamoalari o‘z loyihalari bilan bellashadi.

Ishtirokchilar 4 kun davomida tajribali va amaliyotchi AI mutaxassislaridan mentorlik ko‘magi hamda mahorat darslarini oladi. Yakunda ishlab chiqilgan loyihalar hakamlar hay’atiga taqdim etiladi.

Mazkur dasturchilar marafonida Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidan ham 3 nafar mutaxassis sog‘liqni saqlash yo‘nalishi bo‘yicha mentor sifatida ishtirok etmoqda.
Mentorlar tomonidan ishtirokchi jamoalarga tibbiyot va sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb muammolarni aniqlash, ularni sun’iy intellekt yordamida hal etishga qaratilgan g‘oyalarni shakllantirish hamda loyihalarning amaliy ahamiyati va tibbiyot tizimida qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan tavsiya va yo‘nalishlar berilmoqda.
– Mazkur Hackathon yosh mutaxassislarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy raqamli hamda AI yechimlarini keng joriy etish va istiqbolli loyihalarni shakllantirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi, – deydi sog‘liqni saqlash yo‘nalishi bo‘yicha mentor Botirbek Otajonov. – Tanlov yakunida kimdir MacBook bilan, kimdir 20 million bilan, yana kimdir yangi loyiha bilan uyiga qaytishi aniq.

Hududiy bosqichning finali esa 20-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Eng yaxshi taqdimot va ijtimoiy ta’sir uchun maxsus mukofotlar:
1-o‘rin – Apple MacBook Air,
2-o‘rin – 20 million so‘m,
3-o‘rin – 10 million so‘m.
Shuningdek, “Eng qiziqarli taqdimot” va “Eng dolzarb ijtimoiy loyiha” nominatsiyalari g‘oliblari AI kurslarida o‘qish uchun sertifikatlar bilan taqdirlanadi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri