Xorazmda issiqlik qozonxonalari qay holatda? (+video)
Anomal sovuq havo tabiiyki aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarda issiqlik ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Bu esa markazlashgan holda issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi korxonalarning uzluksiz ishlashini talab etadi.
Xorazm viloyatida o‘tgan yili kuz-qish mavsumiga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Mavsumga tayyorgarlik sust bo‘lgan hududlarda izg‘irinli, sovuq kunlarda kamchiliklar yaqqol ko‘rinib qoldi. “Xorazm issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi Urganch shahridagi ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida, issiqlik tizimlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha texnik ishlar amalga oshirilgan.

– Viloyatda korxonamizga qarashli 95 ta qozonxonamiz 333 ta ko‘p qavatli uyda, 12 ming 535ta xonadonlarni issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlaydi, – deydi “Xorazm issiqlik manbai” DUK rahbari Dilshod Masharipov. – Shuningdek, korxonamiz maktab, maktabgacha ta’lim, tibbiyot muassasalari kabi 187 ta ijtimoiy ob’ektga ham issiqlik energiyasini yetkazib beradi. bugungi kunda qozonxonalar yuz foiz soz holatda faoliyat ko‘rsatib turibdi. Ularning deyarli 60 foizi zamonaviy qozonxonalar hisoblanadi. Isitish qozonlarimizga energiya tejamkor uskunalar o‘rnatilgan.

Aholi ijtimoiy hayotining yanada yaxshilanib borishi jarayonida yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talabni kamaytirish, ishlab chiqarish kuchlarining imkoniyatlarini yanada oshirishda ko‘p energiya sarflaydigan, jismonan va ma’nan eskirgan asbob-uskunalarni texnologik jihatdan zamonaviy, energotejamkor uskunalarga almashtirish, mavjud texnologiyalarni optimallashtirish va yangilarini joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq yetkazib berilayotgan issiqlikni saqlab qolish ham muhim. Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida ham ayni damda bemor bolajonlar va ularning qarovchilari uchun yetarli sharoit yaratilgan.

– Shifoxonamizning barcha oyna va eshiklarini berkitib chiqdik, – deydi shifoxona hamshirasi Nazokat Otajonova. – Bu esa o‘z navbatida izg‘irinli kunlarda sovuq havoning ichkariga kirishi shuningdek, issiqlikning ham tashqariga chiqib ketishining oldini oladi. Hozir xonalarda harorat 25 gradusni tashkil qilmoqda. Bemorlardan ham biron bir e’tiroz kelib tushgani yo‘q.
– O‘n kundan buyon o‘g‘lim betobligi tufayli shu yerda davolanyapmiz, – deydi urganchlik Malohat Norboyeva. – Uydagilar bilan gaplashib turibmiz. Tabiiy gazning bosimi ancha pasayib qolgan. Xonalar biroz sovuq holatda deyishdi. Lekin shifoxonada xona harorati umuman o‘zgarmadi. Mana farzanlarimiz ham bitta kiyimda o‘ynab davlolanib yuribdi. Issiqlik ta’minotidagi barcha ishchi-xizmatchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Havo harorati keskin pasaygan ayni kunlarda tibbiyot muassasalarining issiqlik va energiya ta’minoti doimiy nazoratga olingan. Qish mavsumida nafaqat markazlashgan tizimlar, balki individual tarzda isitiladigan ob’ektlarda texnik jihatlarga alohida e’tibor qartilishi lozim.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA