Xorazmda “Ezgulik manzili” aksiyasi
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, og‘ir sharoitga tushgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida navbatdagi “Ezgulik manzili” ijtimoiy-tibbiy aksiyasi o‘tkazildi. Unga poytaxtimizdagi yetakchi klinika va markazlarning tajribali mutaxassislari jalb etildi.
Xorazm viloyatidagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tashkil etilgan mazkur aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad jamg‘armaning tibbiy dasturlariga asosan og‘ir tashxisli bemor bolalarni davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, ular salomatligini muntazam tiklash borish, pirovardida operatsiya qilinishiga zarurat bo‘lgan bemor bolalarda murakkab operatsiya amaliyotlarini o‘tkazishdir.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan bu kabi aksiyalar respublikamiz bo‘ylab muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yil boshidan buyon Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi tadbirlarda 1400 ortiq bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, shu yerning o‘zida operatsiyalar, bemorlarni reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari uyushgan tarzda yurtimiz va xorijlik shifokorlar ishtirokida amalga oshirildi.
Xorazm viloyatida ham aksiya davomida 840 ga yaqin bemor bola va ularning ota-onalari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka jalb qilindi. Shifokorlarning tavsiya va xulosalari asosida ayrim bolalarga shu yerning o‘zida, 262 nafar bolada, jumladan, 64 nafarida plastik, 84 nafarida oftalmologik, 34 nafarida urologik, 18 nafarida kardiologik va 82 nafarida LOR kasalliklari bo‘yicha operatsiya amaliyotlari o‘tkazildi.
[gallery-20288]
Ta’kidlash kerakki, jamg‘arma orfan kasalliklariga chalingan bemor bolalarni davolash bo‘yicha yirik loyihada tashabbus ko‘rsatgan. “Nomukammal osteogenez” xastaligi bilan chalingan bolalarni tibbiy davolash uchun zarur texnologik asbob-uskunalarni bepul olib berib, shu kungacha ushbu dard bilan og‘rib kelgan mamlakatimizdagi 110 nafar bolaga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Xususan, Xorazmda ham kamdan-kam uchraydigan “orfan” tashxisi bilan 5 nafar bemor bola ro‘yxatga olingan. Tibbiy ko‘rik davomida ularga ham har tomonlama ko‘mak ko‘rsatildi.
– O‘tgan yili kuz faslida farzandimning tomog‘ida shish paydo bo‘ldi, – deydi urganchlik Gavhar Dushamova. – Dastlab biz uning tomog‘ini shamolatib qo‘ydik, deb o‘yladik. Lekin bir haftada ahvoli og‘irlashib, shifokorlar “jonlantirish” bo‘limiga olishdi. Shifokorlarga rahmat, barcha kerakli yordamni ko‘rsatishmoqda. Mana bugun poytaxtdan kelgan mamlakatimizning yetakchi shifokorlari ham ko‘rikdan o‘tkazishdi. Kerakli tavsiyalarni berishdi. Farzandimning ahvoli hozir ancha yaxshilangan.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan jamoat fondi tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘tgan davr mobaynida respublikamizning ko‘pgina hududlaridan tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordamlari, operatsiya xarajatlari to‘liq qoplab berildi. Viloyatda o‘tkazilgan mazkur aksiya doirasida ham jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni operatsiya qilish, balki ularni sog‘lomlashtirish, zarur dori vositalari bilan ta’minlash kabi ishlar bepul amalga oshirildi.
Albatta, bu kabi ijtimoiy aksiyalarning doimiy ravishda o‘tkazilayotganligi bemor bolajonlarni to‘liq davolash, ularni tengdoshlari kabi sog‘lom hayotga qaytarish yo‘lidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida: Fond o‘tgan 3 yil mobaynida 10 mingdan ortiq bemor bolajonga tibbiy-ijtimoiy, psixologik va manzilli yordam ko‘rsatib keldi. 1700 dan ortiq bola respublikamiz hududida, 220 nafari xorijning nufuzli klinikalarida murakkab operatsiya amaliyotini o‘tkazdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari