Xorazmda “daladan dasturxonga” tamoyili amalda
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli aholining sababsiz koʻcha-kuyga, jamoat joyiga chiqishi cheklandi.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli aholining sababsiz koʻcha-kuyga, jamoat joyiga chiqishi cheklandi. Ushbu sinovli davrda Xorazm viloyati prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan “Daladan — dasturxonga” tamoyili asosida dehqon bozorlaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda arzonlashtirilgan koʻchma savdo yarmarkalari, turgʻun savdo doʻkonlarining faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, karantin davrida Xorazm viloyatining barcha chekka hududlarida 350 dan ortiq koʻchma savdo yarmarkalari, turgʻun savdo doʻkonlari oʻz faoliyatini boshladi. Ezgu niyatlar bilan markaziy dehqon bozoridan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻldirilgan avtodoʻkonlar Urganch tumani mahallalariga ham kirib bordi. Urganch tumanidagi mavjud 58 ta mahallalarda 197 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Tumanda tashkil etilgan yarmarka rastalarini toʻldirib turgan goʻsht, kartoshka, piyoz, tuxum, yogʻ, pomidor, bodring kabi birlamchi isteʼmolpob mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berildi. Xorazm viloyat prokuraturasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi, uning hududiy boʻlimlari hamda tuman hokimligi tomonidan koʻchma savdo yarmarkalarida barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining taʼminoti va zaxirasiga, ularning sifati va narxlar barqarorligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Koʻchma bozorlarda 27 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga aholi tomorqasi uchun zarur boʻlgan urugʻlik koʻchatlari, mineral oʻgʻitlar va xoʻjalik mollarining bir joyning oʻzida sotilishi xaridorlar uchun yana-da qulaylik yaratmoqda.
Ayni kunda Xorazm viloyatida 519 ta mahallalarda 1 million 866 ming 729 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Viloyatda jami 10 ta dehqon bozori, 20 dan ortiq yirik savdo shoxobchalari va supermarketlarda aholi uchun zarur oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotilmoqda. Bugungi kunda viloyat kesimida jami 350dan ortiq koʻchma savdo yarmarkalari va turgʻun savdo doʻkonlari tashkil etilgan. Ularga 132 ta issiqxona, 247 ta sovutgich va 38 ta omborxonalarda mavjud oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berilmoqda.
Urganch tumanining Qoromon qishlogʻi viloyat markazidan uzoq masofada joylashgan. Bu yerda 4 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. “Qoromon” mahalla fuqarolar yigʻinda tashkil etilgan koʻchma savdo bozorchada aholi karantin qoidalariga rioya qilgan holda, oraliq masofani saqlab, kundalik ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar, dori-darmon, tibbiy vositalarni xarid qilishmoqda.
Hozirgi kunlar aholimizda keragidan ortiq oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish holatlari kuzatilmoqda. Lekin unday oʻrinsiz holat ortiqcha vahimani uygʻotadi. Sababi, karantin vaqtida aholini zarur oziq-ovqat va qishloq-xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash ishlari uzluksiz yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan yoʻl xaritalari ishlab chiqilib, ishchi 20 ta ishchi guruh shakllantirilgan. Har bir koʻchma bozorlarga kundalik mahsulotlarni yetkazishda 50 ga yaqin taʼminotchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Shu oʻrinda aholimizdan, ortiqcha vahima qilmasdan, ehtiyoji asosida xarid qilishni va zarurat boʻlmasa uyda qolishlari oʻrinli.
Yangibozor tumanining “Mangʻitlar” mahallasida aholimi asosan dehqonchilik bilan shugʻullanadilar. Ushu mahallada tashkil etilgan turgʻun savdo doʻkonida mahalla aholisi uchun ham alohida rastalar ajratildi. Endilikda mahalla tomorqalarida, issiqxonalarda yetishtirilgan urugʻlik koʻchatlari va poliz ekinlarining sotuvi orqali aholining oilaviy daromadi yana-da yaxshilanadi. Ushbu turgʻun savdo doʻkoniga har kuni maxsus avtomashinalar orqali kartoshka, piyoz, guruch, yogʻ, un kabi 25 turdan ortiq birlamchi isteʼmolbop mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Mahallada joylashgan kichkina doʻkoncha oldida tashkil etilgan ushbu savdo shoxobchasi qishloq ahlini uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilmoqda.
Viloyatda narx-navoning barqarorligini taʼminlash yuzasidan soha xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida dehqon bozorlarida 125 nafar, oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanuvchi yirik savdo komplekslarida 200 nafar shuningdek 739 nafar dorixona rahbarlari rasman ogohlantirilgan. Oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra 15 ta holatda oziq-ovqat va qishloq-xoʻjaligi mahsulotlari narxini asossiz oshirish holatlari yuzasidan sotuvchi va tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Butun dunyoda, xususan yurtimizdagi sinovli kunlar barchamizdan birdamlik va hamjihatlikni talab etadi. Ayniqsa, dehqon bozorlarida mahsulotlarning uzluksizligi taʼminlash, narxlarning oshib ketishini oldini olish hamda joylarda koʻchma savdo yarmarkalarini tashkil etish borasida amaliy ishlar qizgʻin davom etmoqda. Bu yuzadan prokuratura va Departament organlari tomonidan alohida yoʻl xaritalari ishlab chiqilgan boʻlib, ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.
Gʻayratjon SULTONOV,
Bosh prokuratura huzuridagi
IJQK Departamentining Xorazm viloyati
boshqarmasi boshligʻi,
adliya kichik maslahatchisi