Xorazm maqomlari haqidagi kitobning taqdimoti
Madaniy meros haftaligi doirasida Urganch davlat universitetida "Xorazm urfiy maqomlari" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Unda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston milliy maqom san’ati markazi bosh direktori Soyibjon Begmatov, Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermonov hamda Xorazm davlat universitetining professor- o‘qituvchilari va talaba- yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov maqom san’ati xususida to‘xtalar ekan, maqom san’ati tadqiqqa muhtoj, mukammal o‘rganish talab etiladigan san’at ekanini qayd etdi.
Sir emaski,so‘nggi besh yil davomida mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu san’at turiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Taqdimoti o‘tkazilgan mazkur kitob bu boradagi bilimlarni mustahkamlashga manba bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur kitobda Xorazm vohasida urfga aylangan maqomlar qayta tiklanib, nota yozuvlari hamda ijro namunalari maqom ixlosmandlariga taqdim etilmoqda.
Taqdimot yakunida Namunaviy maqom ansambli ijrosida Xorazm urfiy maqomlaridan namunalar ijro etildi.
N.Usmonova, O‘zA