Xonobodda san’at va madaniyat festivali
Andijon viloyatida Xonobod shahri tashkil etilganligining 50 yilligi hamda ulug‘ san’atkor, O‘zbekiston Xalq artisti Soyib Xo‘jayev xotirasiga bag‘ishlangan san’at va madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival nafaqat xonobodliklar, balki viloyatning barcha tuman va shaharlaridan, qo‘shni Namangan, Farg‘ona viloyatlari, Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi. Xalq sayli tarzida o‘tgan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharni obodonlashtirish, so‘lim, tabiati go‘zal Xonobodni Farg‘ona vodiysining turistik markaziga aylantirish, shuningdek, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Xonobod shahri qurilishiga tamal toshini qo‘ygan va yuksalishi uchun beqiyos hissa qo‘shgan shaharning birinchi rahbari Solijon Mehmonov xotirasi yodga olindi. O‘zlarining xayrli va ibratli ishlari, ezgu amallari bilan el-yurt ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lgan insonlar hech qachon unutilmasligi, ularning xotirasi odamlar qalbida hamisha barhayot ekanligi alohida qayd etildi. Hayotimiz ko‘rki bo‘lgan keksa otaxon va onaxonlarning duolari bilan festival tadbirlari boshlandi.
Dastlab mehmonlar Solijon Mehmonovning uy-muzeyini borib ko‘rdi. Shahar markazida tashkil etilgan hunarmandlar ko‘rgazma-yarmarkasida namoyish etilgan hunarmandchilik mahsulotlari barchaga manzur bo‘ldi. “Xonobod” sihatgohida umumta’lim maktablari o‘quvchilari, mahalla yoshlari o‘rtasida sportning mini futbol, “Workout”, og‘ir atletika, tosh ko‘tarish va shaxmat turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Shahar markaziy maydonida badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan namoyish etilgan dasturlar, harbiylar, yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari festivalga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Shahardagi “Afsona” dam olish maskanida O‘zbekiston Xalq artisti, kulgi darg‘asi Soyib Xo‘jayev xotirasiga bag‘ishlanib o‘tkazilgan askiyachi va qiziqchilar tanlovi barchaga xushnudlik baxsh etdi. Xalqimizning suyukli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarni raqsga chorladi. Qo‘shiqlardagi milliylik, xalqona ohanglar qalblarni to‘lqinlatdi.
– Kundan kunga yuksalib, chiroy ochib borayotgan yurtimizga faqat bayramlar yarashadi, – deydi viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktamjon Oxunov. – bugungi bayramga viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan nuroniylar tashrif buyurdi. Ular Xonoboddagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Qiziqchi va askiyachilar, san’atkorlarning chiqishlaridan miriqib dam oldi, ko‘ngillari tog‘day ko‘tarildi. Bugungiday tinch va farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.
Festival doirasida mohir pazandalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Osh” ko‘rik-tanlovi, milliy va zamonaviy liboslar targ‘ibotiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar xalqimizning milliy taomlari, liboslari, qadriyat va an’analari umrboqiyligining namoyishi bo‘ldi. Festival tadbirlari kech oqshom shahar markazidagi Shohsupa maydonida yurtimizning taniqli estrada yulduzlari ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi. Konsert dasturi davomida festival doirasida o‘tkazilgan turli tanlov va sport musobaqalari, ko‘rgazmalarning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Mazkur festival shahar aholisi, mehmonlari, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat, milliy g‘urur va iftixor, ertangi kunga umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat) O‘zA