Xonlar va amirlar o‘tkazgan bazmlar dasturxonining ko‘rki
Taomlanish tarixining bir bo‘lagi sifatida meva sharbatlari va sharbatdorlikning ham o‘z tarixi bor.
Xalqimiz uzoq davrlardan beri o‘z kundalik hayotida foydalanib kelayotgan o‘rik (turshak) sharbati bugun odatiy ichimlikka aylanib ulgurgan. Kishiga quvvat bag‘ishlovchi anor sharbati haqidagi hikoyalardan ham ko‘pchilikning xabari bor. Atirgul suvidan tayyorlangan shirin ichimlik – gulob to‘g‘risida ham eshitganmiz. Boisi, ajdodlarimiz qand, shira va meva suvi yoki o‘simlikdan tayyorlangan shirin ichimlik – sharbatni qadimdan iste’mol qilib kelishgan. Hukmdorlar saroyida hatto sharbat tayyorlash bilan shug‘ullangan alohida mansab egalari ham bo‘lgan. Quyida sharbat va uni tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lgan sharbatdorlar tarixiga oid ayrim ma’lumotlarni keltirmoqdamiz.
TIB VA FIQH ILMI DAHOLARI SHARBAT HAQIDA
Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da haoma sharbati haqidagi qarash bayon etilgan. Ushbu dinga e’tiqod etganlar o‘simliklardan sharbat siqib iste’mol qilganlar. Miloddan oldingi davrlardayoq qadimgi yunon-rim tarixchilari Baqtriyada sersharbat mevalar yetishtirilgani haqida yozib qoldirishgan. Mashhur geograf va tarixchi Strabon ham massagetlar ichish uchun mevalardan ezib chiqarilgan sharbatdan foydalanganini qayd etib o‘tgan. O‘rta asrlarda Xorazmda tegirmon toshlaridan mevalarni ezib ichimlik olish uchun ham foydalanilgan. Kat qal’asidan topilgan qumtoshdan ishlangan shunday moslama Xorazmda sharbat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Sharq va G‘arbda mashhur bo‘lgan alloma Ibn Sino o‘z shaxsiy kuzatishlari va tajribalari asosida dorivor o‘simliklardan tayyorlangan ko‘p sonli sharbatlarni ta’rif etgan. Ulug‘ hakim sharbatlarning iqlim va yil fasllariga ko‘ra ma’lum sharoitda bo‘lgan tanaga ta’sir etishini bayon etgan. Buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy o‘zining ellik yetti kitobdan iborat “Hidoya” asarining elliginchi kitobini “Ichimliklar haqidagi kitob” deb nomlagan. Odiljon Qoriyevning qayd etishicha, kitobda mevalardan olingan qanday ichimliklarni iste’mol qilish mumkinligi, sharbat tayyorlashning usullari, qanday yo‘l bilan tayyorlangan sharbatlarning iste’moli ruxsat etilishi kabi masalalar o‘rin olgan. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ot at-turk” asarida ham sharbatlar haqida qiziq ma’lumotlar berilgan.
SHIFOXONADA TAYYORLANGAN SHARBATLAR
Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Somoniylar va undan keyingi sulolalar davrida ham hukmdor saroyida sharbatdorlar xizmat qilganlar. Turkistonga kelgan mashhur arab sayyohi va geografi Ibn Battuta Vobkentda mahalliy aholining olxo‘ri mevasi sharbatini iste’mol qilishi haqida yozib qoldirgan. Amir Temurning Samarqanddagi saroyiga sayohat qilgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo ham o‘z kundaligida sohibqiron saroyining sharbatdorlarini tilga olib o‘tgan.
Tarixchi olim Halim To‘rayevning qayd etishicha, ashtarxoniylar sulolasi davrida Buxoroda qurilgan Dor ash-shifo madrasasida turli dori-darmonlar bilan birga sharbatlar ham tayyorlangan. Dor ash-shifoda har yili 800 shisha gulob, ko‘z va boshqa kasalliklarga davo bo‘luvchi turli dorilar tayyorlanib, xasta kishilarga berilgan. Buxoro xoni Imomqulixon Bahouddin Naqshband mozori uchun tilla va kumush idishlar yasatib, uni shu mozorga hadya etgan. Chorshanba kuni gulisurx bayramida idishlarga sharbat quyib, o‘sha joyning aholisiga ulashish buyurilgan.
HUKMDOR XIZMATIDAGI SHARBATDORLAR
Buxoro amirlariga turli ichimliklarni tayyorlash va yetkazishni tashkil etish bilan sharbatdorlar shug‘ullanishgan. Tuzalgan dasturxon oldida amirga sharbat quyib berish to‘qsaboning ishi bo‘lgan (harbiy harakatlar chog‘ida to‘qsabo amir tug‘ini ko‘tarib yurgan). Saroyda bir necha sharbatdorlar xizmat qilganlar. Amirlikdagi bekliklarda ham sharbatdor lavozimi bo‘lgan. Xivada ham xonga sharbat tutuvchilarni sharbatdor (sharbatchi)lar deyishgan. Ular mahramlar hamda xonga yaqin kishilarga beriladigan amal va unvon egalaridan biri hisoblanishgan. Sharbatdorlar o‘z vazifalariga yorliqsiz o‘tkazilganlar. Qo‘qon xonligida sharbatdor eng oliy va faxriy unvonlardan biri bo‘lgan. Ular xonga xos majlislar va safarlarda ham xizmat qilganlar.
Qo‘qon xonlari saroyida o‘tkazilgan bazmlarda sharbatlar shohona dasturxonning ko‘rki bo‘lgan. “Ibratul xavoqin” (“Xoqonlarga ibrat”) asari muallifi Niyoz Muhammad Ho‘qandiyning yozishicha, Toshkentga kelgan Umarxon uchun “Oliymaqom sultonlarga sazovor va oliytabor xoqonlarga loyiq mehmondorlikni boshlab, tojdor xonlarga xos dasturxonga oro berib, turli ne’matlar va jondan shirinroq sharbatlarni hazrat janoblariga olib kirib, sultonlik majlisi sahnini ne’matu taom va sharbatlar bilan to‘ldirdilar”. Qo‘qon xoni Xudoyorxonning o‘g‘li tomonidan yozilgan “Anjum at-tavorix” (“Tarix yulduzlari”) asarida qayd etilishicha, Olimxon davridan boshlab hukmdorning oilasi Navro‘z bayramini shahardan tashqarida bir oy davomida xalq sayli shaklida nishonlar, bayram yakunida xon saroyida umumiy qabul e’lon qilinar edi. Ushbu qabulga taklif etilganlar uchun “Oshpazlar va sharbatchilar oliy saroyda turli tuman laziz taomlar pishirib, har xil sharbatlarni tayyor va muhayyo qilib qo‘yardilar”.
SHARBAT TAYYORLOVCHILAR MAHALLASI
Sharbatdorlar nafaqat hukmdor saroyida sulola vakillari uchun, balki bir kasb vakili sifatida oddiy xalq uchun ham xizmat qilganlar. Masalan, XVIII asr oxirida Samarqand shahrining sharqiy qismida Sharbatdorlar mahallasi yuzaga kelgan. Bu yerda turli shirin ichimliklar, tabiiy sharbatlar tayyorlovchilar istiqomad qilganlar. Shu davrda Kitob shahri olti darvozaga ega bo‘lib, janubiy darvozasi Sharbatxona deb atalgan. Darvozaning bunday nomlanishi shu joydagi mahalla nomi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Rus amaldori, general Dimitriy Logofetning “Buxoro xonligi rus protektorati ostida” nomli asarida qayd etilishicha, amirlikda XX asr boshlarida mineral suv va sharbat ishlab chiqarish sanoati faoliyat olib borgan. Issiq iqlimning talablaridan kelib chiqib Chorjo‘y, Karki, Yangi Buxoro, Termiz shaharlarida kichik zavodlar ishlab turgan. Bu mahsulotlar narxi arzonligi bilan juda xaridorgir hisoblangan. Shuning uchun ham shifobaxsh mineral buloq suvlari va meva sharbatlari Rossiyaga tashib ketilgan.
Alisher EGAMBERDIEV