Xonadon kutubxonasi yoshlar bilan hamisha gavjum
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida “Kitob – hayotni yaratuvchi murabbiy” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Inson aqliy salohiyati, ma’naviyatining yuksalishida kitobning o‘rni va roli beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz takomillashib, tafakkurimiz boyib boraveradi. Ne-ne ulug‘ zotlar kitobga oshno bo‘lib, yetuklikka erishgan, komil inson darajasiga yetishgan.
Darhaqiqat, donishmandlardan biri: "O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlar uchun kitoblardan bir umr minnatdorman", degan edi. Uning fikri nechog‘li to‘g‘ri ekanligini ma’naviyati yuksak har bir inson chin qalbdan his etishi shubhasiz. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Oltinko‘l tumanidagi Sadda mahallasida yashovchi, xonadonida katta kutubxona tashkil etgan, kitobxon oila sifatida e’tirof topgan Adolatxon aya Ortiqova xonadonida tadbir tashkil etildi.

Kitobxonlar, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda kitobning hayotimizdagi o‘rni va roli xususida atroflicha so‘z yuritildi.
– Kitob inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manbaa hisoblanadi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Zilolaxon Toshtemirova. – Kitob o‘qigan inson mulohazali, bilimli bo‘lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o‘zining dunyoqarashi, fikrlashi va yuksak ma’naviyati bilan ajralib turadi.

Tadbirda xonadon sohibasi, hozirda keksalik gashtini surayotgan Adolatxon aya Ortiqovaning ibratli hayot yo‘li, xonadonida 2 ming nusxadan ziyod kitob jamlab, kutubxona tashkil etganligi haqida fikr va mulohazalar bildirildi. Oddiy qishloq ayoli Adolatxon aya nafaqaga chiqqunga qadar jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib ishladi. Uy, dala yumushlari, farzandlar tarbiyasi bilan band bo‘ldi. Lekin u bolaligidan kitobga o‘zgacha mehr qo‘ygan edi. Bo‘sh qoldi deguncha kitob o‘qirdi, kitob o‘qishni tanish-bilishlari, yoshlar orasida targ‘ib qildi. Kitobga, kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishning yanada yuksalishida keyinchalik unga rahmatli turmush o‘rtog‘i Mo‘ydinjon Artiqov madadkor bo‘ldi, uni hamisha qo‘llab-quvvatladi. Hayotda hamisha kitobga oshno bo‘lgan Adolatxon aya farzandlarining barchasini o‘qitdi, oliy ma’lumotli qildi. Oqilaligi, bilimdonligi bilan oilada, mahalla ahli o‘rtasida hurmat-e’tibor topdi.

Bugun Adolatxon aya xonadonida tashkil etilgan kutubxonadan nafaqat farzand va nabiralari, mahallaning barcha yoshlari bahramand bo‘lmoqda. Eng muhimi, ushbu xonadondan kitobxon yoshlar sira arimaydi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan kitob o‘qish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaаsini keng targ‘ib etish, xonadonlarda kutubxona tashkil etishdek xayrli ishlarni, bu boradagi ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Yakunda tadbirda faol qatnashgan bir guruh yoshlarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari, kitoblar jamlanmalari hamda o‘quv qurollari topshirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA