Xomashyo ham, mahsulot ham o‘zimizniki
Prezidentimiz rahnamoligida to‘qimachilik va yengil sanoat sohasini rivojlantirish, zamonaviy yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar tarmoq taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida to‘qimachilik va yengil sanoat sohasini rivojlantirish, zamonaviy yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar tarmoq taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Sohani rivojlantirish orqali mahalliy ipak va paxta xomashyosini qayta ishlash, undan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish real daromadlar miqdorining mutanosib tarzda o‘sishiga xizmat qilayotir. Ayni masalaga Navoiy viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Baht-textile” O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi, “Navbahor tekstil” chet el korxonasi hamda “Bright Navoi textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi yirik ip-kalava yigirish quvvatlari, “Richard best silk” hamda “Xatirchi pilla xazinasi” korxonalarida tayyorlanayotgan sifatli ipak mahsulotlari bozorda tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.
Prezidentimizning 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan yili viloyatda bo‘sh turgan bino va inshootlardan maqsadli foydalanish hisobidan “Navbahor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi chet el korxonasi tashkil etildi. Foydalanilmay turgan bino o‘rnida qiymati 10 milliard 498 million so‘mga teng bo‘lgan xorij investitsiyasi ko‘magida yangi ishlab chiqarish tarmog‘i o‘zlashtirildi. Yiliga 5 ming 400 tonnaga yaqin paxtani qayta ishlash quvvatiga ega korxonada 200 yangi ish o‘rni yaratildi. O‘tgan yili qariyb 6 milliard 690 million so‘mlik ip-kalava tayyorlanib, uning 80 foizi eksportga yo‘naltirildi.
“Baht-textile” qo‘shma korxonasida ham bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. “Ipak yo‘li” bankidan olingan 14 milliard 800 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga xorijdan zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatilishi natijasida ish unumdorligi ikki barobar oshdi. Oyiga 90 tonna tayyor mato ishlab chiqarish liniyasining ish boshlashi korxona iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirdi. Joriy yilda ham modernizatsiya ishlari davom ettirilib, korxonaning yillik quvvatini yanada oshirish mo‘ljallanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 90 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
“Bright Navoi textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ham yiliga 5 ming 400 tonna sifatli ip-kalava tayyorlanmoqda. Jumladan, korxona joriy yilning birinchi yarmida 3 million 338 ming dollarlik mahsulotni xorijga eksport qildi.
Ayni paytda viloyatda sanoatbop paxta yetishtirish va yangi navlarni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda 35 ming 800 gektar maydonda g‘o‘zaning asosan “Buxoro-6”, “Buxoro-102”, “An-Boyovut-2”, “Sulton” navlari parvarishlandi. Mazkur navlar ichki va tashqi bozorda xaridorgirligi bilan ajralib turadi. Tolasining pishiqligi, uzunligi va rangining tozaligi xomashyoning sanoatbopligini ta’minlaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hududda yiliga 100-110 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilsa, viloyatning o‘zida 17 ming 200 tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu yetishtirilgan paxtaning qariyb 55 foizi viloyatning o‘zida qayta ishlanishini anglatadi.