Xom ashyo ham, mahsulot ham o‘zimizniki
Ayni paytda bu yerda 450 ishchi mehnat qilayotir.
“Sangzor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Ayni paytda bu yerda 450 ishchi mehnat qilayotir.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yigirma yildan ziyod egasiz, qarovsiz yotgan sobiq savdo bazasining omborxona va ma’muriy inshootlari hududi bugun eng gavjum joyga aylandi.
Gap shundaki, bozor iqtisodiyoti sharoitida eski zamonlardagi kabi iste’mol buyumlarini omborga to‘plab taqsimlash tartibi o‘zini oqlamadi. Ulgurji savdo bazalariga ham hojat qolmadi. Bazaning sobiq inshootlari ko‘pchilik tadbirkorlarni qiziqtirsada, uni olishga birovning mablag‘i, birovning jur’ati yetmas edi.
Hukumatimizning xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlariga muvofiq, bunday binolarni tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda berish tartibi joriy etildi. Natijada ushbu inshootga ham talabgor topildi.
Davlat tasarrufidagi bo‘sh yotgan inshoot “Sangzor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga “nol” qiymatda 12 milliard 500 million so‘m investitsiya kiritish, paxtani qayta ishlab tayyor mahsulot chiqarish loyihasini amalga oshirish sharti bilan berildi.
Sobiq inshootlarning bir qismi rekonstruksiya qilindi. Ayrimlari poydevorigacha buzilib, o‘rnida yangisi qurildi. Loyihada paxta tolasini qayta ishlashdan tayyor kiyim ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq tizim qamrab olingan.
Binoni rekonstruksiya qilish, qurish ishlarini jamiyat o‘z mablag‘i hisobiga amalga oshirdi. Korxonani jihozlashga “Ipoteka-bank” ATIB bankidan 22 million AKSh dollari miqdorida kredit olindi. Ushbu kredit hisobidan Shveysariya, Yaponiya, Turkiyadan jihoz va uskunalar olib kelib o‘rnatildi.
– Ayni paytda loyihaning birinchi bosqichini to‘liq amalga oshirdik, – dedi korxona rahbari Doniyor Avazov. – Hozir yigiruv fabrikamizning ip-kalava ishlab chiqarish yillik quvvati 7 ming 500 tonnaga yetkazildi. Hozirgacha Turkiya, Xitoy, Rossiya va Pokiston davlatlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida 3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. 2020 yil 20 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Loyihaning birinchi navbati amalga oshirilishi bilan 450 yangi ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, bu ish o‘rinlarining asosiy qismiga hududdagi xotin-qizlar qabul qilindi. Ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Dam olish, yuvinish xonalari, oshxona ular ixtiyorida. Uzoqdan qatnaydiganlarga avtobus ajratilgan.
– Ushbu korxonaning ochilishi men kabi ko‘plab xotin-qizlar oilasiga daromad, baraka olib kirdi, – deydi ishchi Dilrabo Ummatova. – Ish yo‘qligi uchun ancha yillardan buyon uyda o‘tirgan edim. Zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan toza, yorug‘ ishxonada ishlaganga nima yetsin. Hademay bolalarimiz uchun bog‘cha ham ishga tushadi.
Onalarning ko‘ngli xotirjam bo‘lsa, ishi ham unumli bo‘ladi. Eski ma’muriy binoda rekonstruksiya ishlari olib borilayotir. Bu yerda korxona ishchi-xizmatchilarining bolalari uchun maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Bular hozircha loyihadagi ishlarning bajarilgan qismi. Loyihada belgilangan tayyor mahsulot chiqarish tizimini oxiriga yetkazish uchun qurilish ishlari davom etayotir. Korxonada mato to‘qib, tayyor kiyim ishlab chiqarish sexlarini qurish ishlari avjida. Shu maqsadda mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan hozirgacha shartnomada belgilanganidan bir necha baravar ziyod – 148 million so‘m investitsiya kiritildi.
Mahsulot uchun xom ashyo yetishtirish maqsadida korxona qoshida paxtachilik klasteri ham tashkil etilgan. Do‘stlik tumani fermerlari bilan shartnoma asosida paxta yetishtirildi. Dastlabki natija yomon bo‘lmadi. 12 ming gektar maydondan mo‘ljaldagi hosil yig‘ib olindi. Korxona fermerlarni agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishi uchun zarur mablag‘ va materiallar bilan uzluksiz ta’minlagani, yig‘im- terim mavsumida terimchilarga yaxshi sharoit yaratib bergani muhim omil bo‘ldi.