Xo‘jaylida ishbilarmon ayollar aniqlandi
Xo‘jayli pedagogika kollejida “Ishbilarmon ayol – 2021” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan tanlovda mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z bordi.
Partiyaning Saylovoldi dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida tadbirkor va fermer xotin-qizlarning qo‘shayotgan hissasi, ishbilarmon ayollarni kashf etishda mazkur tanlovning ahamiyati qayd etildi.

Tuman bosqichida 10 nafar tadbirkor va fermer xotin-qiz ishtirok etdi. Tanlov yakunida birinchi o‘rinni «Qoraqalpoqtekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi N.Xudaybergenova, ikkinchi o‘rinni hunarmand G.Sabirova va yakka tadbirkor G.Yerjanova, uchinchi o‘rinni “Anorboy bo‘zchi” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Xudaybergenova egalladi.
– Qariyb olti yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, – deydi tanlov g‘olibi, «Qoraqalpoqtekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Norgul Xudaybergenova. – Korxonamizda asosan milliy kiyimlar, maktab va ishchi xodimlarning maxsus kiyimlari xaridorlar talabidan kelib chiqib, buyurtma asosida tikib berilmoqda. bugungi kunda 20 nafar ishchi xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Bu kabi tanlovlar biz tadbirkorlarga o‘z ustida ko‘proq ishlash va izlanishga, bir-birimiz bilan tajriba almashishga xizmat qiladi.
Tuman bosqichi g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA