Xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumani davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi M.Qaypanov, Davlat xizmatlar agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i K.Artikov va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining takomillashtirilayotgani aholining turmush tarzini yaxshilash, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
2019 yil avgust oyida qayta tashkil etilgan Bo‘zatov tumani chorvachilikka ixtisoslashgan. Bu yerda davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirilishi aholi uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Milliylik va zamanoviylikni o‘zida aks etgan yangi bino o‘zgacha dizaynda barpo etilgan.

Nukus shahridagi “BAXIT MIRATDIN QURILIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etilgan binoda elektron navbat tizimi joriy etilgan. Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari to‘g‘risidagi roliklar namoyish etib boriladi.
Tuman davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga joriy yilning shu davrida 8 mingga yaqin davlat xizmati ko‘rsatildi. Yangi binoda aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va hajmi yanada ortadi.
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulaylik yaratish maqsadida markaz binosida Prezidentning Bo‘zatov tumani Xalq qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi, tuman FHDYO bo‘limi, notarius hamda Adliya bo‘limi joylashgan. Shuningdek, kutish zali, bolalar maydonchasi, kutubxona, tibbiyot xonasi va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish joylari mavjud.
– Yangi binoda aholiga sifatli, tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldik, – deydi Bo‘zatov tumani Davlat xizmatlari markazi rahbari Miyras Xudaybergenov. – O‘ziga xos, zamon talablariga to‘la javob beradigan markaz zarur texnik jihoz va vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 140 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatiladi. Markazda bir kunda 300 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi binodagi mijozlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov ishtirok etdi.