Xizmat ko‘rsatish sifati va hajmi ortmoqda
Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Qayum Xolov sohadagi yangiliklar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlashicha, joriy yilning dastlabki choragida viloyatdagi davlat xizmatlari markazlari jismoniy va yuridik shaxslarga 150 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatgan. Ushbu xizmatlarning 137 mingdan ortig‘i markazlar orqali ko‘rsatilgan bo‘lsa, 12 mingga yaqin murojaat yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilingan.
– Asosiy maqsadimiz aholiga tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatish, – deydi boshqarma boshlig‘i Qayum Xolov. – Bu borada jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulaylik yaratish, ularning vaqtlarini iqtisod qilish maqsadida 18 turdagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. 37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma, 16 ta litsenziya va 11 ta ruxsatnoma birlashtirish yo‘li bilan, 17 ta litsenziya va 14 ta ruxsatnomalar xabardor qilish tartibi joriy etilishi yo‘li bilan bekor qilindi. 14 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish muddatlari qariyb 2 baravarga qisqartirildi. 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillari yanada soddalashtirildi.
Shuningdek, OAV vakillariga yangi joriy qilingan davlat xizmatlari turlari, bugungi kunda aholi tomonidan ko‘p murojaat bo‘layotgan xizmatlar, ipoteka krediti asosida davlat subsidiyasini olishga ariza berish, bolani bog‘chaga joylashtirish uchun ariza, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik suyunchi pulini olish tartiblari haqida ma’lumot berildi.
Brifingda sohada amalga oshirilgan yangiliklar, fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklarni keng jamoatchilikka yetkazishda OAV vakillari, jurnalist va blogerlarning o‘rni muhimligi ta’kidlandi. O‘zaro hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA