XIX asrda bunyod etilgan qishloq masjidi
Namangan tumanidagi Navbahor qishloq (sobiq G‘alcha qishlog‘i) masjidi XIX asr boshlarida bunyod etilgan noyob me’morlik namunalaridan.
Masjid qurilishi Karimboy oqsoqol tashabbusi bilan boshlangan bo‘lib, keyinchalik hoji Abduxalil Shohboy o‘g‘li bino qurilishini davom ettirishga bosh bo‘lgan. Qurilish ishlari duradgor usta Ubaydulloh tomonidan yuksak mahorat bilan bajarilgan. Hijriy 1324, milodiy 1906 yilda masjid foydalanishga topshirilgan.
[gallery-2389]
Masjid milliy me’morchilik an’analariga asoslangan holda mohirona did bilan bunyod etilgan. Uning ichki devorlariga ganj o‘ymakorligi bilan kufiy xatida oyatlar bitilgan, ranglar bilan jilolangan. Shuningdek, masjid ichiga “Ramziy” taxallusli shoirga tegishli bo‘lgan she’riy misralar ustalar tomonidan nasxatlik yozuvida bitilgan. Afsuski, mafkuraviy kurash oqibatida san’atkorona bitilgan nafis o‘yma naqshli yozuvlar chopib tashlangan edi.
Istiqlol yillarida mazkur yodgorlik qayta ta’mirlanib, obodlik kasb etdi.
Hotam MAMADALIEV(surat), O‘zA