Xivada xalqaro ilmiy-amaliy anjuman
Avval xabar berganimizdek, Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilyapti. Uning doirasida “Ikkinchi Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Baxshichilik – ming yilliklar bilan yuzlashgan xalqona va boqiy san’atdir. Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati eng avvalo uning og‘zaki ijodi folklor san’atida, doston va eposlarida mujassam topgan bo‘lib, ular millatning o‘zligini anglash, uning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va an’analarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi.

– O‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida 2019 yildan buyon Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilda anjumanga qadimiy Xiva mezbonlik qilyapti. Festivalda dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan 200 nafarga yaqin vakillarning ishtirok etayotgani uning nufuzi yuksak ekanligidan dalolat beradi, – deydi Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli.

“Ikkinchi Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova, AYSESKO Xalqaro hamkorlik sektori rahbari Z.Muhammed, Turkiy parlament assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafayev, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Gulbara Abdukalikova hamda turkiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdilar.
– Mamlakatingizda oxirgi yillarda Prezident Shavkat Miromonovichning tashabbusi bilan baxshichilik, maqom, lazgi kabi madaniyatning eng ajralmas bo‘laklari rivojanmoqda, –deydi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev. – Tarixda o‘zbek madaniyati ikki renesansni boshidan o‘tkazdi. Shu kunlarda esa bu yerda uchinchi renesans boshlanmoqda. Aytish mumkinki, bu sohada O‘zbekiston dunyodagi eng kuchli davlatlar qatoriga kirishni uddaladi. Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston tashabbus bilan chiqib ko‘p madaniyatlarni, ellarni, davlatlarning boshini birlashtirgan boshqacha megapolisga aylandi. Bugungi Xivada o‘tayotgan madaniyat forumi hozirgi globalizatsiyaga hissa qo‘shadi. Bunda bizning madaniyatimiz milliy urf-odatlarimiz chuqur ma’noga ega.
Xalqaro miqyosdagi taniqli folklorshunos olimlar sohaning dolzarb muammolari haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og‘zaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga aloqador ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy konferensiya yakunida baxshichilik san’ati istiqboli bilan bog‘liq muhim rezolyutsiya qabul qilindi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari