Xiva xonining muzeybop buyumlarga oid farmoni
Vatanimiz tarixidagi 12 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1898 yil (bundan 123 yil oldin) – tarixchi K.Xudoyberganovning qayd etishicha, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II xonlik hududlarida qadimdan qolgan muzeybop buyumlarni to‘plash haqida farmon chiqardi. Xon viloyat hokimlariga shunday buyruq berdi: “Qadimdan qolg‘on yodgor nimarsalarni yo‘q qildirmasunlar, har bir tariqa ko‘hna joy va qal’a va imoratlar bo‘lsa, ne tariqa bino bo‘lg‘onlarini va ko‘hna tilla va fullar bo‘lsa borlab, topib munda yuborsinlar”.
Muhammad Rahimxon II xonlikni yarim asrga yaqin muddat davomida boshqardi. O‘zi ham shoir va bastakor sifatida tanilgan xon saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘pladi. Uning hukmronligi davrida Xorazm osori atiqalari 1890 yil Toshkentda, Parijda, 1895 yil Nijniy Novgorodda, 1904 yil Amerikaning Missuri shtatida o‘tgan ko‘rgazmalarda namoyish qilindi.
1942 yil (bundan 79 yil oldin) – Leningraddan evakuatsiya qilingan “Elektropult” zavodi (1994 yildan “Chirchiq transformator zavodi” aksiyadorlik jamiyati) tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, zavodning tashkil etilishi tarixi 1932 yildan, kaskadi qurilayotgan Chirchiq GESi va azot-o‘g‘itlar kombinatining elektr jihozlarini ishlab chiqarish va ta’mirlash uchun “Chirchiqqurilish” elektromexanik trest ustaxonasi tashkil etilganida boshlangan.
1973 yil (bundan 48 yil oldin) – Jizzax viloyatidagi Zafarobod tumani tashkil etildi. Tuman hududidan qadimda Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Ustrushona, Zomin, Pishog‘ar kabi tarixiy joylar, ko‘hna qal’alar qoldiqlari, qadimgi qabristonlar saqlangan.
2002 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi