Xitoylik investorlar Navoiyda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Xitoy Xalq Respublikasining ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashdi.
Joriy yilning 8-11 avgust kunlari Navoiy viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida qiymati 523 million dollarlik 13 ta investitsiya dasturi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususan, xorijiy investorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilganligi natijasida barcha hududlarda, xususan, Navoiy viloyatida ham xorijiy investitsiyalar hisobiga zamonaviy, innovatsion va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yangidan-yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
[gallery-13572]
2018 yilda viloyat bo‘yicha bor-yo‘g‘i 12,8 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 246,2 million dollarni tashkil etdi. Bundan besh yil oldin 57 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 297 taga yetdi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining ishbilarmon doira vakillariga mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, viloyatimizning investitsion va sanoat salohiyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
E’tiborlisi, uchrashuvda viloyat hududidagi infratuzilmaga ega bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarida “O‘zbekiston – Xitoy sanoat zonasi”ni hamda “yashil” makon loyihasi doirasida “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik bog‘i”ni tashkil etish uchun takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida taklif etilgan yer maydonlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi hamda loyihalarni amalga oshirishni boshlash bo‘yicha amaliy ishlarga kirishildi.
A.Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari