Xitoyda zilzila! Qurbonlar ko‘p...
Xitoy shimoli-g‘arbida ro‘y bergan zilzila qurbonlari soni 118 kishiga yetdi, deb xabar tarqatdi mamlakat Markaziy televideniyesi.
Gansu muzofoti Linsya-Xuey muxtor tumanida dushanba kuni soat 23:59 da 6,2 magnitudali yer silkinishi qayd etilgan. Avvalroq 111 kishi halok bo‘lgani aytilgan edi. Telekanal bergan ma’lumot esa hozirgacha 105 kishi Gansu, 13 kishi Sinxay provinsiyasida nobud bo‘lganini tasdiqlamoqda. Shuningdek, Sinxayda 20 kishi bilan aloqa uzilgan, 182 kishi jarohat olgani ham aniq.
Halokat yuz bergan hududda suv va elektr ta’minoti bilan bog‘liq, shuningdek transport, aloqa va boshqa infratuzilma ob’ektlariga ziyon yetgan. XXR Moliya va Favqulodda vaziyatlarni boshqarish vazirliklari bu ikki muzofotga 200 million yuan – taxminan 28 million dollar miqdorida yordam ajratgan.