Xitoy tashqi savdoda: eksport qudrati va ulkan bozor imkoniyatlari
Xitoy jahon iqtisodiyotida ham yirik eksportchi, ham yirik importchi sifatida muhim o‘rin egallamoqda. Mamlakat tashqi savdosidagi o‘sish nafaqat mahsulotlar eksportining ortishi, balki ichki bozorning xalqaro hamkorlar uchun tobora kengayib borayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Xitoy Davlat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakat tashqi savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,8 foizga o‘sdi. Jumladan, eksport 16,4 foiz, import esa 22,3 foiz oshdi.
Bu ko‘rsatkichlar Xitoyning jahon savdosidagi ishtiroki kengayib, mamlakat bir vaqtning o‘zida yirik mahsulot yetkazib beruvchi va iste’mol bozori sifatidagi mavqeini mustahkamlayotganini ko‘rsatadi.
Markaziy moliya va iqtisodiyot universiteti professori Ouyan Jixueyning ta’kidlashicha, bu jarayonni faqat tashqi savdo hajmining ortishi bilan izohlab bo‘lmaydi. Unda Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi roli ham o‘zgarmoqda. Eksport va importning birgalikda o‘sishi mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlovchi muhim omillardan biriga aylanmoqda.
Xitoy eksporti haqida gap ketganda, ko‘pchilikning tasavvurida hali ham arzon va ommaviy mahsulotlar gavdalanadi. Biroq bugungi ko‘rsatkichlar mamlakat eksport tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rsatmoqda.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mexanika va elektrotexnika mahsulotlari eksporti 23,7 foizga o‘sdi. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 64,3 foizga yetdi. Bu esa Xitoyning tashqi bozorga taklif etayotgan mahsulotlari tarkibida texnologik jihatdan murakkab tovarlar salmog‘i yuqori ekanini anglatadi.
China Global Television Network (CGTN) tomonidan o‘tkazilgan xalqaro so‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 89,2 foizi Xitoy eksport mahsulotlarini jahon bozorida raqobatbardosh deb hisoblagan. So‘ralganlarning 84,7 foizi esa ushbu mahsulotlarning asosiy ustunliklari sifatida ilg‘or texnologiyalar va narx hamda sifat o‘rtasidagi maqbul nisbatni qayd etgan.
Shuningdek, ishtirokchilarning 80,2 foizi Xitoy eksport qilayotgan ko‘plab mahsulotlarni boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarish imkoniyati cheklangani yoki buning uchun ancha yuqori xarajat talab etilishini ta’kidlagan.
Mutaxassislar fikricha, Xitoyning raqobatbardoshligi nafaqat ishlab chiqarish ko‘lami, balki uning mahsulotlarini boshqa muqobil tovarlar bilan almashtirish qanchalik qiyinligi bilan ham belgilanadi. Mamlakatning rivojlangan ishlab chiqarish zanjirlari, tarmoqlararo hamkorligi va texnologik imkoniyatlari tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xitoy tashqi savdosining ikkinchi muhim jihati import hajmining jadal o‘sishida namoyon bo‘lmoqda. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida import o‘sishi eksport o‘sishidan 5,9 foiz bandga yuqori bo‘ldi. Bu mamlakat ichki bozoriga bo‘lgan talab va uning xalqaro savdodagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Qariyb 1,4 milliard aholiga ega Xitoyning yirik iste’mol bozori jahonning ko‘plab mamlakatlari uchun muhim iqtisodiy imkoniyatlar manbai hisoblanadi. Mamlakat 17 yildan buyon dunyodagi ikkinchi yirik importchi davlat maqomini saqlab kelmoqda. Shuningdek, qariyb 80 ta mamlakat uchun asosiy eksport bozorlaridan biri sanaladi. 2026-yilning dastlabki yetti oyida Xitoyning 150 dan ortiq savdo hamkori bilan tovar ayirboshlash hajmida import o‘sishi qayd etilgan.
CGTN so‘rovida qatnashgan turli mamlakatlar vakillarining 89,8 foizi Xitoy bilan savdo aloqalari ko‘plab davlatlarda yangi ish o‘rinlari yaratilishi va soliq tushumlari ortishiga xizmat qilayotganini bildirgan.
Shu ma’noda, yirik importchi sifatidagi mavqe mamlakatning faqat xarid imkoniyatlari bilan emas, balki boshqa davlatlar va korxonalarning iqtisodiy rivojlanishiga turtki beradigan bozorga ega ekani bilan ham ahamiyatlidir.
Xitoyning ochiq bozor siyosati bu borada alohida o‘rin tutadi. 2026-yil 1-maydan boshlab mamlakat Xitoy bilan diplomatik munosabatlarga ega Afrikaning 53 ta davlati uchun nol bojxona stavkalari rejimini to‘liq joriy etdi. Bu Afrika mamlakatlari mahsulotlarining Xitoy bozoriga kirib borishi va savdo aloqalarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Jahon savdosida proteksionizm kuchayib borayotgan bir sharoitda ichki bozorni tashqi hamkorlar uchun ochishga qaratilgan choralar xalqaro iqtisodiy hamkorlikning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xitoy tashqi savdosidagi o‘sishning yana bir muhim jihati xususiy sektor va hududlarning faolligi bilan bog‘liq. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida xususiy korxonalar tashqi savdosi 19,1 foizga o‘sdi. Ularning mamlakat umumiy tashqi savdosidagi ulushi 56,9 foizni tashkil qildi.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tashqi savdosi 19 foizga, davlat korxonalariniki esa 17,8 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatkichlar tashqi savdoda turli mulkchilik shaklidagi korxonalar faolligi oshganini ko‘rsatadi. Demak, o‘sish faqat bir toifadagi korxonalar hisobiga emas, balki iqtisodiyotning turli sektorlari ishtirokida ta’minlanmoqda.
Hududlar kesimida ham o‘sish sur’atlari yuqori. 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida Guandun provinsiyasi tashqi savdo hajmi bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Provinsiya importi esa 39,5 foizga o‘sdi.
Ayni paytda Anxoy va Xenan kabi markaziy provinsiyalar ham mamlakat tashqi savdosidagi o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Bu tashqi savdo salohiyati faqat yirik portlar yoki an’anaviy sanoat markazlari bilan cheklanib qolmayotgani, balki turli hududlardagi ishlab chiqarish va logistika imkoniyatlari hisobiga kengayayotganini anglatadi.
Umuman, Xitoy tashqi savdosidagi bugungi tendensiyalar mamlakat iqtisodiy salohiyatini faqat eksport ko‘rsatkichlari bilan baholash yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Eksport sanoatning raqobatbardoshligi va texnologik imkoniyatlarini namoyon etsa, import ichki bozorning jozibadorligi hamda xalqaro hamkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni aks ettiradi.
Ikki yo‘nalishning birgalikda rivojlanishi Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi mavqeini mustahkamlash, savdo aloqalarini kengaytirish va tashqi iqtisodiy xatarlarga bardoshliligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA