Xitoy – Qirg‘iziston munosabati yangi bosqichga ko‘tariladi
Xitoy rahbari Si Szinpin Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi arafasida “Qirg‘iziston so‘zi” gazetasi va “Kabar” axborot agentligi uchun yozgan maqolasida Pekin va Bishkekni ikki tomonlama munosabatda “yuqori sifatli rivojlanish uchun yangi ufq”ni birgalikda ochishga chaqirdi.
Si Szinpin Xitoy va Qirg‘iziston “yaqin qo‘shni, ishonchli sherik va do‘st” ekani, o‘zaro munosabat so‘nggi yillarda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Xitoy rahbari iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratib, XXR ko‘p yil davomida Qirg‘izistonning eng yirik savdo sherigi va xorijiy sarmoyadori bo‘lib kelganiga e’tibor qaratdi. Asosiy loyihalar qatori Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, transport infratuzilmasini rivojlantirish va chegara o‘tish manzillarini modernizatsiya qilishni ta’kidladi.
Yetakchi raqamli iqtisodiyot, toza energiya, sun’iy intellekt va yashil minerallar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek gumanitar aloqalarni mustahkamlashga chaqirdi.
– Xitoy va Qirg‘iziston har doim bir-biri taraqqiyoti ustuni bo‘lishi kerak, – dedi u. – Mamlakatlarimiz SHHTda muhim o‘rin egallagan. Bishkekda bo‘lib o‘tadigan sammit mintaqaviy hamkorlikka yangi turtki berishiga ishonchim komil.
S.Rahimov, O‘zA