Xitoy Panamaning qarorini qoraladi
Xitoy Panamaga “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusidan chiqish rejasi maqbul emasligini bildirdi, deb bayonot berdi XXR tashqi ishlar vazirligi.
Avvalroq Panama Prezidenti Xose Raul Mulino ushbu qaror AQSH davlat kotibi Marko Rubioning mazkur davlatga yaqinda uyushtirgan tashrifi bilan bog‘liq emasligi, bu yechimga ancha oldin kelinganini aytgandi. Davlat rahbari qo‘shimcha qilishicha, Panama elchisi allaqachon Xitoy rasmiylariga mamlakati tashabbusdan chiqqani to‘g‘risidagi hujjatni yuborgan.
— Tashqi ishlar vaziri yordamchisi Chjao Chjiyuan 2025 yil 7 fevralda Panamaning Xitoydagi elchisi Migel Lekaro bilan uchrashdi va unga mamlakatning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini birgalikda ilgari surish bo‘yicha Xitoy-Panama memorandumini bekor qilish niyati yuzasidan keskin bayonot berdi, — deyilgan XXR TIM bayonotida.
Chjao Chjiyuan uchrashuvda Xitoy Panamaning tegishli anglashuv memorandumini bekor qilish qaroridan chuqur afsusdaligini bildirgan.
— Tashabbusni birgalikda amalga oshirish jarayonida turli sohalardagi amaliy hamkorligimiz jadal rivojlandi, — degan xitoylik diplomat. — Qator muhim natijalarga erishildi va bu Panama davlati va xalqiga sezilarli foyda keltirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatish niyatini ma’lum qilgandi.
S.Rahimov, O‘zA