Xitoy bilan yangi loyihalar ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “China Energy” kompaniyasi boshqaruvi raisi Song Xayliang bilan uchrashdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda qo‘shma loyihalarning joriy holati, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.
“China Energy” 2017 yil noyabrda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Pekinda joylashgan Xitoyning eng yirik energetika va tog‘-kon sanoati kompaniyasidir. Ko‘mir qazib olish, issiqlik, shamol, quyosh, suv inshootlarida energiya ishlab chiqarish, shuningdek, neft-kimyo, temir yo‘l va dengiz transporti, logistika va moliya sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Dunyodagi eng yirik 100 korxonadan biri hisoblangan mazkur kompaniyaning moliyaviy aylanmasi 240 milliard dollardan, xodimlari soni esa 338,5 ming kishidan ko‘p. 147 davlatda 206 filialga ega.
Uchrashuv davomida Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVtga teng foto elektr stansiyalari, Samarqand viloyatida 3 million tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega sement zavodi qurish rejasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ushbu ob’ektlarni imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligini ta’kidlab, joriy yil 400 MVtlik foto elektr stansiyalari va sement zavodini ochish, qolgan 600 MVt quvvatni esa keyingi yil oxirigacha ishga tushirish uchun bor imkoniyatni ishga solishga kelishib oldilar.
Shu bilan birga qayta tiklanadigan energiya manbalari yo‘nalishida yangi loyihalar amalga oshirish istiqboli, yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilish va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Xitoy tomoni hududlarda energiya tizimini yanada modernizatsiya qilish va “yashil” energiya ishlab chiqarish sohasida mutaxassislar tayyorlash rejasi bilan ham o‘rtoqlashdi. Kompaniya infratuzilmani rivojlantirish sohasiga innovatsion ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha maslahat xizmati va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.
Muzokara yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmi, ijrochisi va muddati aks etgan qo‘shma ishchi guruh tuzish va loyihalarni amalga oshirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zA