XDP: saylovchilar bilan uchrashuv
Qo‘ng‘irot tumanida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatligiga 47-Sanoat saylov okrugidan nomzodi ko‘rsatilgan Rustam Saparbayevning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishonchli vakil O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi X.Yeshimbetov nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda nomzod tomonidan saylovoldi dasturidagi eng muhim yo‘nalish, xalq manfaatlari nuqtai-nazaridan ishlab chiqilgan g‘oya va takliflar saylovchilarga tushuntirildi.

Uchrashuvda partiya faoliyati va tashabbuslariga oid targ‘ibot vositalari, partiyaning va nomzodning targ‘ibot vositalari tarqatilishi bilan birga saylovchilarning turli savollariga batafsil javob berildi. Shuningdek, saylov jarayonlarining muhimligi, saylovda faol qatnashishga, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.