Xazon yoqish 3,3 million so‘mgacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi
Kuz fasli kelishi bilan qurigan, sarg‘aygan barglar to‘kilib atrofni qoplaydi. Mutaxassislarning fikricha, kuzda daraxtlarning tushgan barglari va ignabargli daraxtlarning ignalari biogen doimiy erkin radikallar manbai hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, chirigan barglar va ignalarning qoplamasi nafas olish yoki yutish paytida sog‘liqqa toksik ta’sir qiladi.
Ko‘p hollarda xazonrezgi mavsumi boshlanishi bilan to‘kilgan barglar va kesilgan shox-shabbalarning yoqib yuborilishiga guvoh bo‘lamiz. Qurigan barglar yoqilganda hosil bo‘ladigan tutun insonning o‘pka tizimini zararlaydi. O‘rganishlarga ko‘ra, 1 tonna qurigan barg yoqib yuborilganida, havoga 9 kg gacha tutun mikrozarrachalari ajraladi.
Bu mikrozarrachalar tarkibiga chang, azot oksidi, is gazi, og‘ir metallar hamda inson uchun eng xavfli moddalardan – dioksin va dioksan kiradi. Bu zaharli moddalar inson organizmiga tushgach, immun tizimini shikastlab, gormon va vitaminlar faoliyatini izdan chiqaradi. Shuningdek, tuproq qatlamining foydali mikroorganizmlari – yomg‘ir chuvalchanglari, mayda hasharotlar nobud bo‘ladi.
Aslida bu kabi harakat huquqbuzarlik bo‘lib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari - 3,3 million so‘mgacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, somon yoqilishi sababli ushbu yerdagi tuproq unumdorligining kamayishi oqibatida yetkazilgan zarar summasi majburiy tartibda undiriladi.
Fuqarolardan shunday holatlarga duch kelgan taqdirda 11-57 ishonch raqamiga qo‘ng‘roq qilib, xabar berishlari yoki @ecogovuz_bot telegram botiga murojaat qilishlari so‘raladi.
Xazonlardan foydali o‘g‘it tayyorlash mumkin. Tajribali bog‘bonlarning ta’kidlashicha, yig‘ilgan barglarni qoplarga solib, qish davomida kutilsa, ular chirib komposga aylanadi. Kuzda maxsus chuqurlar qazib, to‘kilgan barglar shu chuqurlarga ko‘milib, bahorda tayyor bo‘lgan chirindidan daraxtlarga o‘g‘it sifatida foydalanish yaxshi samara beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA