Xayriddin Begmatov: “Temurbek Turkiston Amiri”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Xalq ta’limi a’lochisi, taniqli yozuvchi Xayriddin Begmatovning “Temurbek Turkiston Amiri” nomli romani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Muallifning ushbu asari Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizga bag‘ishlangan uch kitobdan iborat romanning birinchisi. Unda Sohibqironning buyuk sarkarda sifatida shakllanish yillari, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashlari va Turkiston amiri sifatida ulkan va qudratli davlatga asos solgani hikoya qilinadi.
Adib kitobga kirish so‘zboshisida shunday yozadi: “Samarqand osmonida yulduzlar”. Jarangdor nom bu. Dunyoni lol etgan fotih jahongir ovozasidan hayrat bu kitob muallifining qo‘liga qalam tutqazgan edi, ammo yuz bora afsus! Donolar behudaga “Ishq boshqa, havas boshqa” demaydilar. Mehmon adib bu qalamni insof yuzasidan yurita olmadi. U go‘yo baland tog‘ cho‘qqisiga chiqib oladi-yu, o‘z qahramonini tuban bir pastlikdan qidiradi. Romanda qora bo‘yoqlarning takror va takror ko‘zga tashlanishidan hayratlanmay ilojingiz yo‘q. Men hatto bir o‘rinda kitob chetiga “Temurbek savodsiz, vazirlar savodsiz, ol-a, Borodin!” deb yozib qo‘ymoqqa ham majbur bo‘ldim.
Tarixga nazar tashlagan qalamkashning nigohi adolat chizig‘ida turmog‘i farz edi. Zero, Temurbek o‘zi yoqtirmagan maqtovlarga muhtoj bo‘lmagani kabi, nohaq ta’nalarni ham ko‘tarmagay. Buyuk Sohibqiron haqida borini yozmoq kerak”.
Muallifning so‘zboshisini o‘qirkansiz, fikrlarini mulohaza qilish barobarida uning o‘zi bitgan romanga bo‘lgan qiziqishingiz yanada ortadi.
“Temurbek Turkiston amiri” – Xayriddin Begmatovning Buyuk Sohibqiron haqidagi trilogiyaning birinchi kitobi. “Temurbek – jahongir”, “Temurbek. Tor dunyo” nomli ikkinchi va uchinchi kitoblar ham sizni buyuk Amir Temur shaxsiyati va saltanati tarixi bilan tanishtirishga xizmat qilgusi.
Hazrat Sohibqiron Amir Temur bosib o‘tgan shonli yo‘lga bag‘ishlangan ushbu tarixiy asarni, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA