Xattotlik — xat san’ati bardavommi?
FOTOREPORTAJ
O‘z davrida bugungi nusxa ko‘chiruvchi vositalar vazifasini o‘tagan xattotlik san’ati zamona zayli bilan sekin-asta unutilayotgandek. Qadimdan diniy, badiiy asarlarni kitobat qilish asnosida vujudga kelgan xattotlik san’ati o‘z davrida bebaho kasblardan biri sifatida qadrlangan. “Bugun xattotlik qay darajada davom ettirilmoqda?” degan savol ko‘pchilikka qiziq, albatta.
Samarqandlik Abdujalil Ergashev farzandlari va nabiralarini yoniga olib, oilaviy xattotlik san’ati bilan shug‘ullanadi.
[gallery-7499]
– Xattotlik san’ati asrlar osha davom etib kelyapti, demak, bundan keyin ham bu san’atni qadrlovchilar topiladi, - deydi usta xattot. – Bugun Samarqand misolida olib qaraydigan bo‘lsak, viloyat “Hunarmand” uyushmasi tarkibida faoliyat yuritayotgan xattotlarga o‘zim boshchilik qilaman. Yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lgan ellik nafarga yaqin shogirdlarim viloyatimizning turli hududlarida mustaqil faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari bir nechta shogirdlarim xorij davlatlarida ushbu san’at bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda ushbu san’atga qiziquvchilar ko‘p. Afsuski, barchasini shogirdlikka qabul qilishning imkoni yo‘q. Buning uchun maxsus joy tashkil qilib, o‘quv kurslari ochish talab etiladi. Umuman olganda, xat san’ati bardavomligi ta’minlanmoqda. Faqatgina yetarli darajada ushbu san’atga e’tibor qaratilsa kifoya.
XV asrdan boshlab ilm-fan markazi bo‘lgan Ulug‘bek madrasasida xattotlik maktabini davom ettirayotgan Abdujalil Ergashevning mo‘’jaz ustaxonasi doim sayyohlar bilan gavjum. Ustoz-shogird an’anasini munosib davom ettirayotgan xattot xorijliklar uchun maxsus mahorat saboqlarini tashkil etib, ularga ham bu san’at sehridan bahramand bo‘lish imkonini yaratmoqda.
Alisher ISROILOV (surat),O‘zA