Xarris reytingi Trampni xavotirga solmoqda
AQSH Prezidenti Jo Bayden 21 iyul kuni ikkinchi muddatga saylanmasligini bildirdi. Shundan keyin demokratlar poygadagi estafeta bayroqchasi vitse-prezident Kamala Xarrisga berilganini ma’lum qildi. Bu nomzodni Bayden ham qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa Kamala Amerikaga yetakchilik qilish uchun Donald Tramp bilan kurashga kirishdi.
Demokratlar hali nomzod ko‘rsatish uchun qurultoy o‘tkazgani yo‘q. Shunga qaramay, saylovchilarning Xarris nomzodini ma’qullash darajasi 50 foiz ko‘tarilgani Tramp jamoasi uchun Oq uy sari yo‘l ravon emasligini yana bir bor isbotlamoqda. Holbuki, Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Baydenni o‘yindan chiqarib, g‘alaba tomon muhim bir dovon bosib o‘tilganidan xursandligini yashirolmay yurgandi. Bugun esa u keksaligi, sog‘lig‘i joyida emasligini aytib kelgan Bayden o‘rniga o‘zidan 18 yosh kichik Xarrisdek yangi, jiddiy raqib bilan yuzma-yuz keldi. Endi Trampning Baydenni kamsitish usuli o‘ziga qarshi qurol sifatida ishlatilmoqda. Ya’ni, Tramp keksa nomzod sifatida ko‘rsatilmoqda. Amaldagi vitse-prezidentni mag‘lub etish ancha osonligini bir necha bor ta’kidlaganiga qaramay, sobiq yetakchi Xarris ham anoyi emasligiga asta-sekin guvoh bo‘lyapti. Mana misol: – Vitse-prezident, Senat a’zosi, Kaliforniya shtati bosh prokurori etib saylaganlaridan oldin men sudda ayblovchilar vakili edim, – deydi Kamala. – Qisqasi, har qanday turdagi jinoyatchilarga qarshi kurashganman: аёлларни tahqirlagan yirtqich, iste’molchini aldagan tovlamachi, o‘z manfaati uchun qonun-qoidani buzgan firibgar va hokazo. Shunday ekan, quloq soling: Donald Trampga o‘xshash kimsalarni yaxshi bilaman.
Ustiga-ustak aksar tahlilchilar navbatdagi prezident saylovida Kamalaning g‘alabasiga shubha qilmayotganini ochiq ayta boshladi. Masalan, respublikachi senator Mayk Li Xarris Amerika OAV qo‘llab-quvvatlashi tufayli Trampni mag‘lub etishi mumkinligini aytdi.
– U g‘alaba qozonadi, dedi Li amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida. – Bunga hech qanday shubha yo‘q. Respublikachilar Kamalani past baholab, katta xatoga yo‘l qo‘yishdi. Xarris – tahdid, chunki to‘liq uning tomonida bo‘lgan media sanoati majmuasi bor.
“Newsweek” nashri kuni kecha “Morning Consult” tashkiloti olib borgan tahlilga tayanib yozishicha, so‘rov ishtirokchilarining 50 foizi Xarris faoliyatini ma’qullagan, 46 foizi unga nisbatan salbiy fikrdaligini aytgan. Vitse-prezidentning ma’qullanish darajasi Bayden va Trampning butun saylov kampaniyasi davridagi ko‘rsatkichidan ham yuqori chiqqan. Bir hafta oldin uning faoliyatini 43 foiz amerikalik ma’qullagandi. Qolaversa, ushbu reyting demokrat saylovchilar orasida 80 foizdan 89, mustaqil saylovchilar orasida esa 31 dan 48 foizga ko‘tarilgan. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, respondentlarning 47 foizi saylovda Xarrisga ovoz berishini aytgan, Tramp uchun bu ko‘rsatkich 46 foizni tashkil etdi.
Oxirgi yangilik: Kamala Xarris saylov kampaniyasi birinchi haftasida 200 million dollar xayriya yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Bayden yilning birinchi choragida to‘plagan mablag‘dan ham ko‘p. Xarris xonimning saylov oldi kampaniyasi mas’ullari qayd etganidek, xayriyaning uchdan ikki qismi ilk bor homiylik qilgan donorlardan kelgan. Bundan tashqari birinchi haftadayoq kampaniya butun mamlakat bo‘ylab 170 ming ko‘ngillini jalb qila olgan. Bu ma’lumotlar Respublikachilarni, jumladan Tramp jamoasini jiddiy tashvishga solib qo‘ydi.
Xulosa qilib aytganda, Baydenning saylov oldi poygasidan qo‘qqis chiqishi va vitse-prezident Kamala Xarrisning kurash maydoniga dadil kirib kelishi Trampni anchayin dovdiratib, kurash strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majburlamoqda.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA