Xamasning yangi taklifi qabul qilinmadi
Xamas Isroilga Qatar va Misr vositachilari orqali asirlarni almashish bo‘yicha yangi kelishuv taklif qildi, biroq Tel – Aviv buni rad etdi, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi.
Isroilning “Walla News” sayti ismini oshkor etmagan isroillik rasmiylarga tayangan holda xabar berishicha, Falastin harakati mahbuslar almashinuvi bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirgan.
Xamas rejasi uch bosqichda amalga oshirilishini ko‘zda tutadi: eng avvalo Isroil blokadadagi G‘azo sektoridan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashi va 40 nafar mahbusni ozod qilishi kerak, deyiladi hisobotda. Rejaning to‘liq amalga oshirilishi G‘azoda asirga olingan isroillik harbiy xizmatchilarni ozod qilishni va “urushning tugashini” o‘z ichiga oladi.
Nashrning yozishicha, Isroil harbiy vazirlar mahkamasi Xamas taklifini ko‘rib chiqib, rad etishga qaror qilgan va vositachilardan “maqbulroq takliflar”ni bildirish so‘ralgan.
Muzokaralar to‘liq to‘xtatilgani yo‘q, ammo jiddiy siljish ham yo‘q, deyiladi xabarda.
Isroilning G‘azoga uyushtirgan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 21978 kishiga yetdi. Halok bo‘lganlarning uchdan ikki qismi ayollar va bolalardir.