Xalqni rozi qilish – oliy maqsadimiz
Har qanday taraqqiyotning omili bu yangilik, yangilanishlar sari intilishdir. Biz bejizga “Yangi O‘zbekiston” iborasini ishlatmayapmiz.
Chunki mamlakat hayoti mutlaqo yangilanishni taqozo etyapti. Uzoq yillar davomida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar nomigagina “hal etilib” kelindi, muammolarning tub ildizi esa o‘rganilmadi. Jumladan, tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida anchagina muammolar yig‘ilib qolgan edi.
Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti sog‘liqni saqlash sohasida keskin burilishlarga turtki bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezident islohotlarning xalqchilligini, ular har bir insonning munosib hayot kechirishi uchun xizmat qilishi kerakligini ko‘rsatib berayapti. Shu bois ham “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun!” degan shior o‘rtaga tashlandi.
Albatta, gap shiorlarda emas, gap ularning mohiyatini ommaga yetkazishda. Inson qadri, deganda biz nimani tushunamiz? Qadr – eng yuksak tushuncha. U bo‘lmasa, insonning insonligi ahamiyat kasb etmay qoladi. Shuning uchun Prezidentimiz aytmoqchi, biz har bir harakatimizning yo‘nalishini avvalo inson qadrini ko‘tarishga, uni ulug‘lashga qaratishimiz kerak. Masalan, ochiq muloqot chog‘ida bugungi O‘zbekiston tibbiyotining e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan 7 ta yo‘nalishi belgilab berildi.
Shulardan birinchisini olib qaraylik. Birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish. Bu nima degani? Sir emas, bundan bir necha yillar oldin mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimida “optimallashtirish” o‘tkazilib, qishloqlardagi aholiga xizmat ko‘rsatadigan ambulatoriyalar soni deyarli yarmiga qisqatirib yuborilgan edi.
Tabiiyki, mablag‘larni tejash maqsadida qilingan bu ish aholi uchun yana noqulayliklarni keltirib chiqardi. Odamlar 5-6 kilometr, hatto ayrim joylarda o‘n-yigirma kilometrlab masofaga shifokor ko‘rigiga borishga majbur bo‘ldi. “Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, birlamchi tibbiy xizmat punkti 3 kilometr uzoqlikda yoki piyoda borishda 20 daqiqalik masofani tashkil etishi kerak, – deb eslatdi Shavkat Miromonovich. – Shu bois, joylarda fuqarolarga tez, qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar amalga oshiriladi”.
Xullas, mamlakat tarixida ilk marta o‘tkazilgan tibbiyot xodimlari bilan davlat rahbarining ochiq muloqoti juda samarali bo‘ldi. Kuni kecha Prezidentimizning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti” da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha Prezident farmoyishi hamda “Yo‘l xaritasi” ham e’lon qilindi. Unda muloqot chog‘ida aytilgan fikrlar amaliy harakat sifatida belgilab berildi. Jumladan, yuqoridagi masala, ya’ni birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish bo‘yicha 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilab berildi. 2023 yildan boshlab esa, joylardagi poliklinika filiallari negizida yana 1100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi. Demak, xalq endi uzoq yo‘l bosib, tibbiyot punktiga borish aziyatidan qutuladi, qulaylikdan bahramand bo‘ladi. Mana, xalqqa yaqinlashish, mana, inson qadrini ulug‘lash.
Albatta, ochiq muloqotdan keyin e’lon qilingan “Yo‘l xaritasi” da yetti yo‘nalish bo‘yicha belgilangan har bir vazifa zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bunda nafaqat sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlar, balki xalqimiz salomatligini, inson qadrini muqaddas deb, unga hissa qo‘shishni vatanparvarlik burchi deb bilgan barcha davlat organlari ishtirok etadi. Zero, Prezidentimiz aytganlaridek, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan payt keldi.
Askar Bahronov,
Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA