Xalqni birlashtiradigan qo‘shiq
Bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonuni qabul qilinganiga 32 yil bo‘ldi.
Sana munosabati bilan Guliston davlat pedagogika universitetida "Yurakni madh etgan sado" shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Guliston davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori F. Niyozov, O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i M. Hayitov, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i N. Qosimova, Guliston davlat universiteti professori R. Mahmudovlar O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining davlatchilikdagi o‘rni, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov va O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovlar tomonidan madhiyamizning yaratilishi bilan bog‘liq tarixiy voqealar to‘g‘risida gapirdi.
[gallery-20796]
–Madhiya – millatni hamisha o‘z ozodlik yo‘li, ahdida sobit tutib turuvchi ruhiy quvvat manbai hamdir,– dedi Noriniso Qosimova. – U millatni, xalqni birlashtiradigan, yuksaltiradigan yengilmas kuchga, yuksak iroda va qat’iyat, jasorat timsoliga aylantira oladigan qo‘shiqdir.
Madaniy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Sirdaryo viloyat bo‘limining zobit va askarlari va universitet talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Universitet san’atshunoslik fakultetining iqtidorli talabalari tomonidan Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar ijro etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri