Xalqimizning suyukli san’atkori
Taniqli san’atkor Gulchehra Ibrohimbekovani Uyg‘un domlaning “Parvona” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl orqali xalqimiz sevib qolgan. Zero, Gulchehra opa teatr yoki kinodami, telespektakllardami, barcha rollarni betakror, o‘ziga xos tarzda mahorat bilan ijro etuvchi aktrisadir.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrining ustoz san’atkori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Gulchehra Ibrohimbekovaning teatrdagi mehnat faoliyatiga ellik yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ustoz san’atkorning “Sizsiz o‘tmas kunlarim” asari namoyishi, ya’ni, bir aktrisa ijodiga bag‘ishlangan spektakli - benefisi bo‘lib o‘tdi.

Gulchehra Ibrohimbekova O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur mukofotni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov spektakl namoyishidan so‘ng tantanali ravishda topshirar ekan, ijod ahli hamisha davlatimiz va jamiyatimiz e’tiborida, xalqimiz ardog‘ida ekanini alohida ta’kidladi.

N.Usmonova, O‘zA