Xalqimizning rizqi butun boʻlsin...
—Prezidentimizga ming rahmat, — deya oʻzining dil izhorini bildirdi L.Sharova.
Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Fargʻona shahar “Oybek” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Larisa Sharova xonadonida boʻlib, unga davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Onaxonga samimiy tilaklar bildirib, Prezidentimizning sovgʻasi hamda 10 million soʻmlik pul mukofotini tantanali ravishda topshirdi.
El-yurtimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib, vaqt oʻtgani sayin bu oʻlmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.Shu kunlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda Vatanimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilgan faxriylarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatilayotgani ham mamlakatimizda inson shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat darajasiga koʻtarilganini ifodalaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga yoʻllagan tabriknomasi va pul mukofoti tantanali ravishda topshirilmoqda Pandemiya sharoitida barcha belgilangan karantin qoidalariga amal qilingan holda faxriylar xolidan xabar olinib, gʻalabaga qoʻshgan hissasi eʼtirof etilyapti.
—Prezidentimizga ming rahmat, — deya oʻzining dil izhorini bildirdi L.Sharova. — Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan behad minnatdormiz. Ilohim, dunyoda tinchlik barqaror boʻlsin, yurtimizga koʻz tegmasin, xalqimizning rizqi butun boʻlsin.
91 yoshli Larisa Sharova Stalingrad qamalida urushning eng ogʻir, dahshatli kunlarini boshidan kechirdi. Peshonasida shunday talafotlardan omon qolish yozilgan ekan. Urushdan soʻng u toʻqimachilik institutida tahsil oldi. Oʻzbekistonga kelib, shu yerda baxtini topdi. Uzoq yillar paxta sanoati sohasida mehnat qildi. U Fargʻona shahridagi paxta zavodining qurilishida ham jonbozlik koʻrsatdi. Ikki nafar farzandni tarbiyalab, shukronalik bilan umrguzaronlik qilyapti.