Xalqimizning g‘ururi senda aks etgan
Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Shu bois, bayrog‘imiz, gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz. O‘zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qadimgi turklar tuproqqa botirilgan tirgovuchlarning uchiga qabilalarning ramzi sifatida matolar yoki iplar osardi. Vaqt o‘tishi bilan bu “Tuproqqa botirilgan yog‘och” “to‘lqinlangan davlat ramzi”ga aylanadi. Avval bayroqlar faqatgina xabarlashish, signal berish kabi maqsadlarda ishlatilgan. Mamlakatlar o‘z bayroqlariga ega bo‘lishlari esa, o‘rta asrlarda urushlarda ikki taraf bir-biridan farqlanmoq uchun bayroq ishlatilgan. Shunday qilib har bir mamlakatning o‘z bayrog‘i paydo bo‘la boshlagan.

Sohibqiron Amir Temur saltanatida adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi. Davlat bayrog‘ida odatda, mamlakat tarixi, milliy qadriyatlari bilan bog‘liq muhim voqealar xususidagi turli ramziy suratlar aks ettirilgan.
Hozirgi vaqtda davlat bayroqlarining bayoni barcha mamlakatlarda boshqa davlat ramzlari qatori qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yiladi. Bayrog‘imiz xususida shu kunga qadar o‘nga yaqin o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan va doimiy ravishda hukumat nazoratida bo‘lgan.
2023 yil 7 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bo‘ldi. Qonun bilan davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi va ayrim cheklovlar olib tashlanib, istisnolik holatlarga aniqlik kiritildi. Bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emasligi belgilandi.
Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda.
Dilmurod Ahmedov,
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA.