Xalqimiz bunyodkorligi timsoli
Samarqandda kecha tantanali ochilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi haqida ana shunday fikr bildirish mumkin.
Uch yil oldin bu joylar Samarqand eshkak eshish kanali va sport maktabi binolarini hisobga olmaganda, ochiq maydon edi.
Yangi O‘zbekiston bunyodkori, hurmatli Prezidentimiz tashabbusi va g‘oyasi bilan bu yerda Samarqand xalqaro sayyohlik markazini qurishga kirishilganda ko‘pchilik bu loyiha qisqa fursatda amalga oshirilishiga unchalik ishonmagan edi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining 2022 yildagi sammiti Samarqandda, aynan mana shu – yangidan bunyod etiladigan turizm markazida o‘tkazilishi haqida gap-so‘zlar aytilganda esa rostakamiga bunga ishonchsizlik bildirganlar ko‘p edi. O‘zimiz ham Cho‘ponota tepaliklaridan Samarqand shahriga borib kelishda uzoqdan bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘rib “ikki-uch yilda bu yerda markaz bitarmikan, obod bo‘larmikan”, deb o‘tardik. Ammo ish yilning to‘rt faslida, hatto pandemiya sharoitida ham, tunu kun davom etdi. Avvalo bu yerga kommunikatsiya tizimi yaratildi, gaz, suv, elektr energiyasi olib kelindi.
Yo‘l infratuzilmasi yaratildi. Keyin baland-baland mehmonxonalar ko‘zga tashlana boshladi. Hudud sekin-asta obod bo‘lib, yashil libos kiydi, daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Kecha eshitdim, ushbu go‘zal maskanda 280 ming tup manzarali daraxt va butalar ekilibdi, 170 gektar yashil hudud yaratilibdi. Yashil hududning o‘zi shuncha bo‘lgach, majmuaning umumiy maydoni qancha deysizmi? 260 gektardan ortiq ekan. Qarang, shuncha joy uch-to‘rt yil ichida ko‘rkam maskanga aylandi, ochiq maydonda yangi bir shaharcha paydo bo‘ldi. 8 ta zamonaviy mehmonxona, qiyosi yo‘q Kongress xoll, o‘ziga xos ko‘rinish va texnik imkoniyatlarga ega amfiteatr va ko‘plab boshqa ob’ektlar bunyod etilibdi. Odamlar bu joyni “Samarqand Siti” ham deb atayapti. Haqiqatdan Siti deganlaricha bor – zamonaviy, ko‘rkam, kishi bahri dili ochiladi. “Boqiy shahar” me’moriy ansamblini aytmaysizmi?! 7 gektar maydonda jonajon O‘zbekistonimizning durdonasi yaratilibdi.
Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlarimizdagi tarixiy-me’moriy obidalarning andozasi, qadimiy sharqona bozor, yurtimizning 14 hududining o‘ziga xos hunarmandchilik an’analari, odamlar turmush tarzi shu maskanda o‘z ifodasini topgan. Bu yerdagi Rishton kulolchiligi, Buxoro zardo‘zligi, Qoraqalpoq o‘tovi, Marg‘ilon atlasi, Samarqand nonlari har sayyoh uchun qiziqarli, hayratlanarli bo‘lishi tabiiy. Ne baxtki bizga ana shu “Boqiy shahar”ning ilk mehmonlari sifatida bu yerda davlatimiz rahbari bilan uchrashish nasib etdi. U kishi biz samarqandlik faollar, faxriylar bilan suhbatlashib, bizni ushbu yangi maskan bilan tabrikladi. Biz Yurtboshimizga mazkur tarixiy bunyodkorlikni amalga oshirganlari uchun minnatdorlik bildirib, tabrikladik.
Davlatimiz rahbari sohibqiron Amir Temur bobomizning “kimki bizning kuch-qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga boqsin” degan gaplarini eslab, bu kabi ob’ektlar ham bugun Yangi O‘zbekistonning, mard va olijanob xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini dunyoga namoyon etishini ta’kidladi. “Bu maskannn bejiz “Boqiy shahar” deb nomlamadik. Majmuada bizning tariximiz, bugunimiz, xalqimizning hayoti aks etgan va u abadiy bo‘lib, kelgusi avlodlarga ham yetishi, an’analarimiz davom etishi kerak”, – dedi Prezidentimiz.
Majmuadagi tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan amfiteatrda buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek rasadxonasidan andoza olib yaratilgan sahnada namoyish etilgan o‘ziga xom musiqiy kompozitsiyani Yurtboshimiz bilan birga tomosha qildik, u kishining tabriklari, dil so‘zlarini eshitdik. Kecha mening hayotimdagi, balki barcha samarqandliklarning hayotidagi unutilmas bir kun bo‘ldi. Qalbim quvonch va shodlikka to‘ldi. Jonajon O‘zbekistonimizdagi yangilanish va ulkan yaratuvchilik ishlaridan, shunday bag‘rikeng, xalqparvar Prezidentimiz borligidan yana bir faxrlandim.
Gulnora Axmedova,
Jomboy tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori o‘rinbosari