Xalqaro texnik anjuman – “DevOpsDays-2025” IT mutaxassislarini bir joyga jamladi
Axborot texnologiyalari asrida eng serdaromad ish IT sohasi bo‘lib qoldi. Bugun ushbu sohani mukammal bilgan yoshlar uchun har qanday korxona va tashkilot, xorijiy kompaniyalarning eshigi ochiq. Sababi, soha jadal rivojlanish va o‘sishda. Rivojlanish esa yangi g‘oyalarsiz bo‘lmaydi.
Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligi yoshlarni daromadli ish bilan ta’minlash maqsadida turli xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar tuzib, hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda.

Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan xalqaro texnik anjuman – “DevOpsDays-2025” shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi mutaxassislar, ish beruvchilar va o‘quv muassasalari mas’ullarini bir joyga jamladi.
Anjumanda Germaniya, Serbiya, Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston va O‘zbekistondan 15 ga yaqin yetakchi mutaxassis ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tashrif buyuruvchilar yirik IT kompaniyalar vakillari bilan bevosita muloqotda bo‘lish, bilim almashish hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tadbirda texnik yo‘nalishdagi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj nihoyatda yuqori ekanligi ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, DevOps yo‘nalishi hozirda O‘zbekiston IT mehnat bozoridagi eng talabgir 5 ta kasb orasida 3-o‘rinda turibdi.

Shu bilan birga, bu sohada yillik o‘rtacha daromad 18,000 AQSH dollaridan 54 ming AQSH dollarigacha baholanmoqda.
“DevOpsDays-2025” anjumani mamlakatimizda malakali mutaxassislar sonini ko‘paytirish, xalqaro tajriba almashinuvi va yangi imkoniyatlarni yaratishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA