Xalqaro tenderoldi konferensiyasi
Namanganda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga bag‘ishlangan xalqaro tenderoldi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Namanganda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga bag‘ishlangan xalqaro tenderoldi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida har biri 450 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasidan iborat umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan yangi bug‘-gaz elektr stansiyasi barpo etilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi yiliga 6,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu Farg‘ona vodiysida elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni, jumladan, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishda ilg‘or texnologiyalar qo‘llaniladi. Bunda yuqori texnologiyali bug‘-gaz va gaz turbinasi qurilmalaridan foydalaniladi. Bu stansiyaning foydali ish koeffitsentini 60 foizgacha ta’minlash, yoqilg‘i iste’molini faoliyat ko‘rsatayotgan quvvatlarga nisbatan qariyb 2 barobar kamaytirish imkonini beradi.
Qiymati salkam 1 milliard 200 million dollarga teng mazkur loyihaning birinchi bosqichida har biri 450 megavatt quvvatga ega ikkita eng zamonaviy bug‘-gaz turbinasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va respublika byudjeti tomonidan moliyalashtiriladi.
Ayni paytda tumanning Shohidon qishlog‘i hududidan ajratilgan 94 gektardan ziyod maydonda tekislash ishlari, yo‘l-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, ma’muriyat binosi va yordamchi xo‘jalik inshootlari, ishchi-xizmatchi va mutaxassislar uchun ko‘p qavatli turar-joylar qurish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Energobloklarni montaj qilish ishlari shu yilning sentabr oyida boshlanishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning asosiy qismini amalga oshirishga tender tanlovlari asosida salohiyatli, tajribali chet el kompaniyalari bosh pudratchi etib belgilanadi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan xalqaro tenderoldi konferensiyasida tegishli vazirlik va idoralar, viloyatdagi daxldor boshqarma va tashkilotlar, tender savdosida ishtirok etish istagini bildirgan xorijiy davlatlarning 15 yirik kompaniyasi, mamlakatimizning “To‘polangsuv GES qurilish”, “Quvasoyta’mirlashqurilish”, 4-montaj boshqarmasi, “Gidromaxsusqurilish” kabi qurilish-montaj korxonalaridan vakillar ishtirok etdi.
– Loyihaning asosiy qismiga kirishish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari davom etmoqda, – deydi “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurish direksiyasi” unitar korxonasi rahbari To‘xtaboy Mullajonov. – Bugungi tadbir tender ishtirokchilarini yana bir bor o‘z imkoniyatlarini chamalab, maslahatlashib olish va tenderda qatnashish borasida bir qarorga kelishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilmoqda. Tender savdosiga taqdim etilgan paketlar mart oyining oxirida ochiladi va uning g‘olibi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bosh pudratchi etib belgilanadi.
Tadbir doirasida loyiha haqida atroflicha ma’lumot berildi va qurilish-montaj ishlarida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgan kompaniya va korxonalar taqdimoti o‘tkazildi.
Ishtirokchilar To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilish maydonida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar, loyihani ro‘yobga chiqarish uchun zarur omillar, tabiiy, texnik shart-sharoitlar va bajariladigan ishlar ko‘lami bilan tanishdi.
– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda, – deydi China Statc Construction Engineering Corporation kompaniyasi vakili Sho Fe. – Bunda mamlakatingizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit muhim omil bo‘lmoqda. Angren – Pop temir yo‘l qurilishida ham Xitoy kompaniyalari ishtirok etayotgani buning yorqin ifodasidir. Kompaniyamiz mazkur loyihada ishtirok etishdan manfaatdor. Bunday hamkorlik har ikki davlat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Konferensiyada Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.