Xalqaro tajriba yosh olimlarga muvaffaqiyat sari yo‘l ochadi
TATUning “Radio va mobil aloqa” fakulteti hamda “Elektronika va radiotexnika” kafedrasi o‘qituvchilari Turkiyaning Bilkent universiteti huzuridagi UNAM ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif “Qayta tiklanadigan energiyani yig‘ish uchun nanomateriallar bilan integratsiyalangan elektroaktiv polimer tolalarini tatbiq etish” mavzusidagi qo‘shma amaliy loyiha doirasida tashkil etildi.

Tashrifning asosiy maqsadi — zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish imkonini beruvchi yangi texnologiyalarni tadqiq etish hamda ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Uchrashuvlar davomida UNAM markazi, Bilkent universiteti hamda “OzensoyLab” laboratoriyasi rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazildi. Unda qo‘shma loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, belgilangan vazifalar va ularning ijrosi muhokama qilindi.
Ayniqsa, nanomateriallar va elektroaktiv polimerlardan foydalangan holda energiyani samarali yig‘ish texnologiyalarini rivojlantirish masalasi bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Chunki global miqyosda energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiyani yangi avlod materiallari orqali samarali o‘zlashtirish muhim ilmiy va amaliy vazifalardan biri hisoblanadi.
Tashrif doirasida tomonlar, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi bir nechta kelishuvlarga erishdi.
Bunday hamkorlikning ahamiyati faqat bitta loyiha bilan cheklanmaydi. Zero, zamonaviy ilm-fanda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik, ilmiy laboratoriyalar imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish va tajriba almashish yangi kashfiyotlar uchun muhim zamin yaratadi. Ayniqsa, yosh olimlarning xorijiy ilmiy markazlarda tajriba orttirishi ularning professional salohiyatini oshirish, yangi g‘oya va texnologiyalarni mamlakatimizga olib kirish imkonini beradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA