Xalqaro tajriba sari yana bir qadam
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tizimda yuqori natijalarga erishayotgan yosh mutaxassis xotin-qizlar uchun maxsus malaka oshirish dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Dastur doirasida 33 nafar xotin-qizlar Turkiyada 15 kun davomida ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda. Ular orasida Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasidan Sevara Abdurahmonova, Olmazor tumani bo‘limi bosh mutaxassisi Shahzoda Begmatova, Yakkasaroy tumani bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sohiba Hoshimova hamda Shayxontohur tumani bo‘limi xodimi Dilfuza Ganiyeva ham bor.

Mashg‘ulotlar Istanbul Aydin va Istanbul tijorat universitetlari, Kuchukchekmeje tumani hokimligi hamda “Yangi ta’lim” fondida tashkil etilgan. Ishtirokchilar samarali boshqaruv usullari va xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishishdi.

Uchrashuvlarda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish hamda undan himoyalanishning asosiy huquqiy va ijtimoiy mexanizmlari muhokama qilindi. Ushbu tizim jabrlanuvchilarga tezkor davlat himoyasini taqdim etish, huquqiy, tibbiy va ruhiy ko‘mak berish hamda zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llashga qaratilgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, o‘zlashtirilgan bilim va tajribalar mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda yangi usullarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA