Xalqaro tajriba ish samaradorligini oshiradi
O‘zbekistonlik mutaxassislar Janubiy Koreyada suv tozalashning zamonaviy texnologiyalarini o‘rganmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uning ijobiy jihatlarini milliy amaliyotga tatbiq etish har qanday sohani rivojlantirish va yuksak natijalarga erishishda muhim omil hisoblanadi. Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida ham bunga alohida e’tibor qaratilmoqda.


“O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ushbu soha har jihatdan rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganilmoqda. Maqsad sohani jadal rivojlantirish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni zamonaviy texnologiyalar hamda yondashuvlar asosida bartaraf etishdir.
Xususan, Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Janubiy Koreyaning “K-water” akademiyasida ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun o‘quv kurslari o‘tkazilmoqda.

“O‘zsuvta’minot” AJ va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari, tegishli oliy ta’lim muassasalarining 19 nafar vakili uchun tashkil etilgan bu galgi o‘quv kurslari “Suvni tozalash jarayoni va suv sifati” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘quv kurslari ishtirokchilarga suv tozalashning zamonaviy texnologiyalari hamda suv tozalash inshootlarining faoliyati bilan yaqindan tanishish orqali yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beradi.
Nilufar Bozorova, O‘zA