Xalqaro paxta kuni hamda Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar ishtirokchilariga
Hurmatli xalqaro anjuman ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar!
Dunyoning 30 dan ziyod mamlakatidan taniqli olim va ekspertlar, tadbirkorlar, shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari ushbu forumlarda ishtirok etayotgani ularga bo‘lgan e’tibor va qiziqish katta ekanidan dalolat beradi.
Aziz do‘stlar!
O‘zbek dehqonlari paxtachilik bo‘yicha ulkan tajribaga ega. Keyingi yillarda amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz tufayli bu soha yangi bosqichga ko‘tarildi. Izlanuvchan olimlarimiz tomonidan g‘o‘zaning 300 ga yaqin ertapishar navi yaratildi. Paxta ekish, parvarishlash, yig‘ib olish jarayoni to‘liq mexanizatsiyalashtirildi. Bugungi kunda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga dehqon-fermerlarimiz gektaridan 100 sentnergacha paxta hosili olmoqda.
Xalqaro paxta kuni O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga va mamlakatimizni ishonchli hamkor sifatida tanitishga xizmat qiladi, albatta.
Hozirgi vaqtda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi muammolar bilan birga logistika zanjiridagi uzilishlar ham oziq-ovqat narxining oshishiga olib kelmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 645 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekmoqda. Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, 2028-yilda bu raqam 1 milliardga yetishi mumkin.
Insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan bunday xatarlarni bartaraf etish ko‘p qirrali sheriklik va birgalikdagi sa’y-harakatlarga bog‘liq. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yuqori transport xarajatlari va tranzit mamlakatlardagi muammolar jiddiy g‘ov bo‘lib qolmoqda. Bunday qiyinchiliklar oziq-ovqat xavfsizligiga ham ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Shu bois, biz oziq-ovqat mahsulotlari logistikasi va savdosining to‘liq erkinligi hamda oziq-ovqat yetkazishni tartibga soluvchi qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz.
Biz 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 2 barobar, eksport va qo‘shilgan qiymatni 3 karra oshirish bo‘yicha katta marra olganmiz. Bu maqsadlarga erishish uchun xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.
Markaziy Osiyodan boshlab, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar va tranzit hamkorlarni bog‘laydigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish zarur. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlarni oziq-ovqatni qayta ishlash, sovitkichli saqlash va tashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqiramiz.
Qadrli mehmonlar!
Ushbu forum ishtirokchilar tomonidan bildirilgan yangi tashabbus va strategiyalarni ro‘yobga chiqarish, birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi, deb ishonaman.
Anjumanlar faoliyatiga va barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti