Xalqaro olimpiadada 30 ta jamoa bahslashadi
Buxoroda Abu Ali ibn Sino nomidagi Xalqaro biologiya olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov, viloyat hokimligi, mutasaddi tashkilotlar vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan yoshlar qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar mazkur musobaqaning ahamiyatli jihatlari hamda uning ishtirokchi o‘quvchilar hayotidagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirishdi.

Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning dunyo ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning ilmiy merosi va faoliyati bugungi kunga qadar dunyo olimlari tomonidan o‘rganib kelinayotganligi alohida ta’kidlandi.

Mazkur xalqaro olimpiadada Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Hindiston, Quvayt, Belarus, Qatar, Gruziya, Tailand, Vetnam, Xitoy va Turkiya davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat jamoalar o‘zaro bahs olib boradi. Joriy yilning 9 iyunidan 14 iyuniga qadar davom etadigan xalqaro olimpiadada yuqorida nomlari zikr etilgan davlatlarning 30 ta jamoa (120 nafar ishtirokchi) si o‘zaro bahs yuritadi. Sinov jarayonlarini qator xorijiy davlatlardan jalb qilingan malakali ekspert, yetuk olim va professor-o‘qituvchilar baholab boradi.

Olimpiadaning ochilish marosimidan so‘ng diltortar kuy-qo‘shiqlar ham yangradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri