Xalqaro OAV eʼtiboridagi muhim uchrashuvlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Bir makon, bir yoʻl“ loyihasining tashabbuskori boʻlmish Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi jahonning koʻplab ommaviy axborot vositalari diqqat-markazida boʻlib turibdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Bir makon, bir yoʻl“ loyihasining tashabbuskori boʻlmish Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi jahonning koʻplab ommaviy axborot vositalari diqqat-markazida boʻlib turibdi.

Xususan, Sinxua agentligi tashrif tafsilotlarini izchil yoritib bormoqda. Agentlikning davlatimiz rahbari va XXR raisi Si Szinpin oʻrtasidagi uchrashuvga bagʻishgangan axborotida Xitoy Oʻzbekistonni muhim strategik hamkor sifatida koʻrishi, ikki mamlakat munosabatlari oʻzaro ishonch va mustahkam doʻstlikka asoslanganiga urgʻu berilgan.

AKIpress agentligida eʼlon qilingan material Xitoyning Beyjing shahrida Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon oʻrtasidagi uchrashuvga bagʻishlangan. Unda Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni oʻz ichiga olgan qator masalalarni muhokama qilganliklari tilga olinadi.
“BelTA“ agentligi Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi doirasida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan boʻlib oʻtgan uchrashuviga eʼtibor qaratgan. Shu haqidagi axborotda davlatimiz rahbarining ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishdagi tashabbuslari eʼtirof etiladi.
Shuningdek, Sputnik radiosi, REGNUM, Trend agentliklari kabi qator xorijiy ommaviy axborot vositalari ham Prezidentimizning XXRga amaliy tashrifi doirasida boʻlib oʻtayotgan muhim uchrashuvlarni yoritib bormoqda.