Xalqaro kuzatuvchilarning saylov bo‘yicha xulosalari qanday?
Yurtimizda Prezident saylovi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Mazkur siyosiy jarayonni kuzatish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan kuzatuvchilar Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari bo‘yicha o‘z xulosalarini bildirishmoqda.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlari Ilxom Mannanov, Azizbek Tursunbayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi E.Zohidov mehmonlarga taraqqiyotning yangi davrida yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, mehmonlarni O‘zbekistondagi muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi to‘g‘risida batafsil axborot bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanishicha, bu galgi Prezident saylovining o‘ziga xos jihati shundaki, u O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq ilk marta oktyabr oyida o‘tkazildi. Yana bir muhim yangilik — 2021 yilgi Prezident saylovi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda kechgan saylov jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilgani, yangi siyosiy texnologiyalardan unumli foydalanilgani, aholining siyosiy madaniyati yuksalib borayotgani, xususan, ilk bor ovoz berayotgan yoshlarning faolligi kuzatilgani ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar e’tiborga molik ekanligi qayd etildi.
Muloqotda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA