Xalqaro kuzatuvchilar: "Referendumda barcha faol ishtirok etmoqda"
Mamlakatimizda kechayotgan muhim siyosiy voqea – referendum jarayonlari xorijlik mutaxassislar, ekspertlar, xalqaro kuzatuvchilar e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Farg‘ona shahridagi 88-ovoz berish uchastkasiga belgiyalik kuzatuvchilar tashrif buyurdi. "Shodiyona" mahallasida joylashgan uchastka bayramona bezatilgan, ovoz beruvchilar bilan gavjum.
Belgiyalik mehmonlar ovoz berish uchastkasida yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdilar, fuqarolar bilan suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalariga qiziqdilar.
– Mamlakat taraqqiyoti, xalqaro maydondagi imidjini belgilab beradigan bosh qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani hech kimni befarq qoldirmagani guvohi bo‘ldik. Ayniqsa, yoshlarning katta qiziqish bildirayotgani ahamiyatli, – deydi xalqaro kuzatuvchi Per-Emmanuel Tomann. – Farg‘onadagi qator uchastkalarda shunday faollikni ko‘rib xursand bo‘ldik.

Mehmonlar ovoz berish uchastkalaridagi bayramona kayfiyat, hatto keksalarning ham mamnun holda ovoz berishga qatnashayotganiga e’tibor qaratishdi.
– Barcha tayyorgarlik ishlari namunali tashkil etilgan. Bu yerdagi ozodalik, saranjom-sarishtalik, odamlarning bir-biriga hurmat-izzatda bo‘lishi quvonarli. Ular yuzidagi tabassum, xushkayfiyat mazkur referendumning xalq xohish-irodasi bilan amalga oshirilayotganidan darak beradi, – deydi yana bir xorijlik mehmon Dominik Tilmans.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA