Xalqaro koinot bekatiga qariyb 3 tonna yuk yetkazildi
“Kazinform” axborot agentligi xabar berishicha, “SpaceX” kompaniyasining “Dragon” fazoviy qurilmasi Xalqaro koinot bekatiga muvaffaqiyatli tutashdi.
Kosmik kema stansiyaning “Harmony” moduliga ulandi. NASA shafeligidagi CRS-35 nomli ta’minot missiyasi doirasida samoda ishlayotgan “Expedition-75” ekipaji uchun 2,8 tonnadan ziyod oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj buyumlari va ilmiy tadqiqot uchun zarur uskuna yetkazib berildi. Yuk to‘plamida bekatda elektr ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladigan yangi quyosh panellari ham bor. Ushbu moslamalarni kuz faslida o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shuningdek, koinotga tibbiy tadqiqot uchun zarur jihozlar ham olib chiqildi. Olimlar samoda insonning ko‘rish qobiliyatini tiklashga yordam beradigan sun’iy to‘r yaratish, yangi dorini sinash uchun yurak to‘qimasining uch o‘lchamli modelini ishlab chiqish va fazoda yangi turdagi shisha hosil bo‘lish jarayonini o‘rganish maqsadida ish olib boradilar. Kema sahnida Alsgeymer va Parkinson kasalliklari hamda tarqoq skleroz kabi asab tizimi xastaligini o‘rganishga mo‘ljallangan bosh miya organoidi ham mavjud. Bular laboratoriya sharoitida yetishtirilgan, miya to‘qimasining ayrim xususiyatlarini aks ettiruvchi kichik tuzilmalardir.
Izlanish davomida Saudiya Arabistonidan yuborilgan biologik namunadan ham foydalaniladi. Bu namuna Yaqin Sharq mintaqasidan mazkur tadqiqot uchun koinotga ilk bor yuborilgani bilan ahamiyatli. Missiya 13-oktabr kuni AQSHning Florida shtatidagi fazoga uchirish majmuasida “Falcon-9” raketa-tashuvchisi yordamida amalga oshirilgan.
“Dragon” fazoviy qurilmasi noyabr oyi o‘rtalarigacha Xalqaro koinot bekatida qoladi. Shundan so‘ng ilmiy tajribadan olingan namuna va boshqa unsurlardan iborat yuk bilan Yerga qaytadi. Kema Kaliforniya qirg‘og‘i yaqinida Tinch okeani hududiga qo‘nishi kutilyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA