Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi davom etmoqda
InnoWeek.Uz Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Yevropa Ittifoqining «Yevropa ufqlari» (Horizon Europe) yangilangan dasturiga bag‘ishlangan vebinar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur veb-seminarda Yevropa Ittifoqining «Horizon 2020» dasturining Qozog‘istondagi milliy koordinatori Kamila Magziyeva ma’ruza qildi.
Unda ilmiy jamoatchilik vakillari «Yevropa ufqlari» dasturi bilan ishlash qoidalari, tanlovlarda va tadbirlarda ishtirok etish, sheriklarni topish, tanlovlarga loyiha arizalarini yozish va dasturning tegishli saytlarida ro‘yxatdan o‘tish kabi ko‘nikmalar bilan tanishtirildi.
Yevropa Ittifoqi tadqiqotlari, innovatsiyalari va investitsiyalari bo‘yicha Yevropa ufqlari doiraviy dasturi dunyodagi eng yirik tadqiqot dasturi bo‘lib, 2021-2027 yillarda umumiy byudjeti 100 milliard yevroni tashkil etadi. Birinchi tanlovlar 2020 yil oktyabr oyi oxirida turli xil ilmiy ustuvorliklar, shu jumladan, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, atrof-muhit, iqlim, energetika, AKT, kosmik, transport, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, ijtimoiy va gumanitar fanlarda tadqiqotlar bo‘yicha e’lon qilingan.
Vebinarni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova ochib berar ekan mazkur loyihaning ilm-fan rivoji uchun ahamiyati katta ekanini alohida qayd etdi.
Bugun ham haftalik tadbirlari davom etmoqda.